“Fuqarobay”, “xonadonbay”, “mahallabay” ishlash tizimi yanada takomillashadi
Mamlakatimizda yilni nomlash an’anaga aylangan bo‘lib, inson va mahalla nomlari bilan bog‘liq yillar qiyoslanganda 1997 yil “Inson manfaatlari yili”, 2003 yil “Obod mahalla yili”, 2017 yil “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”, 2022 yil “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”, 2023 yil esa “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili" deb e’lon qilindi.
Davlatimiz rahbari tomonidan Oliy Majlisga va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida insonga e’tibor va sifatli ta’limni amalga oshiriladigan maqsadlar bayon etildi.
Jumladan, mazkur murojaatnomada “Taraqqiyot strategiyasi”dagi yettita yo‘nalishlar bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarning tahlili hamda kelgusida amalga oshirilishi rejalashtirilgan ustuvor vazifalar belgilab berildi.
Rejalashtirilgan maqsadlarga insonga e’tibor va ta’lim sifatini yaxshilash bilan erishishi mumkinligi va bu borada mahallaning roli muhimligi ta’kidlandi.
Prezidentimiz tomonidan “fuqarobay”, “xonadonbay”, “mahallabay” ishlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha mas’ul rahbarlarga vazifalar belgilab berilib, bu borada mahallaning mavqeini oshirish maqsadida “Mahalla – tinchlik va osoyishtalik poydevori, ahillik va hamjihatlik, ma’rifat va tarbiya qo‘rg‘onidir” deb e’tirof etildi.
Bu borada “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da birgina Samarqand viloyati mahallalarining moddiy-texnika ta’minotini yaxshilash yo‘nalishida ham bir qator ishlar amalga oshirildi.
Xususan, 1 126 ta mahallaning barchasi internet tarmog‘iga ulandi.Yil dasturiga muvofiq 200 taga yaqin yangi mahalla binolari foydalanishga topshirildi. Mahalla o‘quv markazi o‘z faoliyatini yangi zamonaviy 2 qavatli binoda boshladi.
- 20 ta bino “Tashabbusli byudjet” ochiq portali doirasida 2-mavsumda g‘olib deb topilib loyiha smeta ishlari yakunlandi, pudratchi tashkilotni aniqlash uchun e’lon berildi;
- 473 ta mahalla binolarining kadastr hujjatlari rasmiylashtirildi;
- 234 ta mahalla kompyuter texnikasi va 159 ta mahalla mebel jihozlari bilan ta’minlandi.
Bundan tashqari, reja-jadvalga muvofiq viloyat mahalla va nuroniylar boshqarmasi binosi va 150 ta mahalla binolariga umumiy quvvati 55,5 kVt kichik quyosh fotoelektrstansiyalar o‘rnatildi.
Murojaatnomada katta hayotiy tajribaga ega, turmush sinovlarida toblangan, ko‘pni ko‘rgan yoshi ulug‘ insonlarning purma’no o‘gitlari, pandu-nasihatlari yosh avlod tarbiyasida beqiyos ahamiyatga ega ekanligi, nuroniylarni jamiyat hayotiga faol jalb qilish, ularning ijtimoiy faolligini oshirish, yoshlarimiz tarbiyasida keksa avlod vakillarining tajribasidan keng foydalanish, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, ajrim yoqasida turgan yosh oilalar o‘rtasida barqaror muhitni vujudga keltirish borasidagi rolini oshirish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Xalqaro tajriba asosida mahallalarning infratuzilmasini yaxshilash, aholiga munosib turmush sharoitini yaratish maqsadida mahalla o‘zining muammosini mustaqil hal etishi uchun “Mahalla byudjeti” tizimi joriy etilishi, buning uchun 1 yanvardan boshlab, mol-mulk va yer soliqlarining bir qismi mahallaning o‘zida qolishi hamda shu mablag‘lar hisobidan mahallaning muammolarini bartaraf etish choralari belgilab berildi.
Biz uchun Murojaatnoma kelgusi yilgi faoliyatimizning asosiy dasturilamali bo‘ldi. Prezidentimiz belgilab bergan yo‘nalishlar asosida faoliyatimizni samarali yo‘lga qo‘yamiz.
Isroil Jabborov,
Samarqand viloyati mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i.