Ta’lim sohasiga berilgan e’tibor muallimlardan yanada fidoyilikni talab qiladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasini xalq ta’limi tizimi xodimlari katta qiziqish va zo‘r hayajon bilan kuzatdi.
Murojaatnomada ko‘tarilgan barcha masalalar, belgilangan vazifalar o‘ta muhimligi bilan ahamiyatli. Ayniqsa, Prezidentimiz tomonidan 2023 yilga “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim”, deb nom berilishi, yurtimizda barcha islohotlar zamiri “Inson qadri uchun” degan tamoyiliga asoslanishini yana bir bor isbotladi. Bugun mamlakatimizda ilm-fanning rivojlanishi, yurtimizning zamonaviy texnologiyalar asosida ravnaq topishida ta’lim tizimiga e’tiborni kuchaytirish eng dolzarb masala hisoblanadi.
Yurtboshimiz Murojaatnomada "Taqdirimizni muallim, murabbiy hal qiladi", deya ta’kidladilar. Bu ishonch o‘z navbatida ta’lim tizimida faoliyat ko‘rsatayotgan xodimlar zimmasiga ulkan mas’uliyat yuklaydi.
Murojaatnomada Prezidentimiz "2023 yilda O‘zbekistonda 70 ta yangi maktab quriladi, 460 ta maktab kengaytiriladi. Ikki smenalik ta’limni yo‘q qilamiz”, deya ta’kidladi.
Ushbu belgilangan vazifa joriy yilda amalga oshirilgan ishlarning mantiqiy davomi, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Xususan, keyingi yillarda yurtimizda ta’lim tizimiga e’tibor bois Samarqand viloyatida 2022 yilda Investitsiya dasturi asosida 40 ta umumta’lim maktabida (2 ta yangi maktab qurilishi, 29 ta rekonstruksiya va 9 ta mukammal ta’mirlash) qurilish ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Mazkur qurilishlarga 197 milliard so‘m mablag‘ sarflandi.
Shuningdek, Qo‘shrabot tumanidagi 65-, 75- hamda Nurobod tumanidagi 39-maktab filiallariga sendvich panelli yangi binolar qurib berildi. Bundan tashqari, Samarqand shahridagi 59- hamda 60-sonli maxsus maktab internatlarining mavjud binolari ta’mirlanib, qo‘shimcha o‘quv binolari bunyod etildi. Ta’lim maskanlarining qurilishi yangi yilda ham davom ettirilishi biz, soha xodimlarini yanada quvontirsa, Murojaatnomada belgilangan vazifalar mas’uliyat bilan ishlashga undaydi.
Shokir Sultonov,
Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i.