Insonni ta’lim-tarbiya shakllantiradi, e’tibor esa yuksaltiradi
Davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasi mamlakatimiz hayotida katta voqea va muhim hayotiy jarayon bo‘ldi.
Murojaatnomada ta’kidlanganidek, mamlakatimizda aholi soni yildan yilga oshmoqda, ammo yerimiz, suvimiz, resurslarimiz ko‘payib borayotgani yo‘q. Joriy yildan qishloq xo‘jaligining barcha sohalariga investitsiyalar kiritilishi, agronomiya va chorvachilik tizimlari klasterlarga birlashtirilishi va topshirilishi soha rivoji uchun muhim islohotlar sifatida e’tirof etildi. Ekologik vaziyat tobora murakkablashib borayotgan, yer, suv va tuproq resurslari alohida e’tiborga muhtoj bo‘lgan bugungi vaziyatda zamonaviy, innovatsion usullar va texnologiyalarning amaliyotga joriy etilishi va buning uchun katta mablag‘ yo‘naltirilishi mavjud muammolarga yaxshigina yechim bo‘lishi mumkin. Biz bugun qo‘rqmasdan tan olishimiz kerak. Ota-bobolarimiz azaldan usta dehqon bo‘lishgan, tuproqdan zar undirib, chorva tuyog‘i ortidan kun kechirgan. Biz esa qishloq xo‘jaligi va chorvachilik sohasida bugun dunyoning yer-suv zaxirasi kam, tuprog‘i unumdor bo‘lmagan davlatlardan ham ortda qolib ketdik. Uzoq yillar davomidagi xo‘jasizlik, egasizlik bizni ana shunday murakkab vaziyatga keltirib qo‘ydi. Kerakli mablag‘ bilan ta’minlanib, tizim klaster asosida boshqariladigan bo‘lsa, vaziyat ijobiy tomonga o‘zgaradi. Qishloq xo‘jaligi va chorvachilik mamlakatimiz iqtisodiyotining drayver sohalari ekanini unutmasligimiz lozim.
2023 yilning «Insonga e’tibor va sifatli ta’lim» yili deb e’lon qilinishi ta’lim tizimi xodimlari uchun quvonch va faxr, qolaversa katta mas’uliyat hamdir.
Yosh avlodga zamonaviy ilm-fan sirlarini o‘rgatib, kasb hunarga yo‘naltirish yoki yetuk raqobatbardosh mutaxassis sifatida tarbiyalash biz, ustozlarning eng asosiy vazifamiz bo‘lsa, ularni yuksak ma’naviyatli, umumbashariy qadriyatlar va milliy an’analarimizga sodiq, komil inson bo‘lib yetishishlari butun jamiyat uchun juda ahamiyatlidir. Buning uchun shunchaki ta’lim berish emas, sohani chuqur egallash, yetuk mutaxassis kadr bo‘lib yetishish, bir so‘z bilan aytganda, sifatli ta’lim zarur.
Zero, Prezidentimiz ta’kidlaganidek, ta’lim sifatini oshirish Yangi O‘zbekistonni rivojlantirishning yagona va to‘g‘ri yo‘lidir.
Oliy ta’lim tizimini kompleks rivojlantirish dasturiga ko‘ra, mamlakatimizda yangi tashkil etilgan institut va filiallar hisobidan yurtimizdagi oliy ta’lim muassasalari soni 100 tadan oshgan, hududlardagi filiallar, xorijiy universitetlar filiallari hisobiga oliy ta’limga qamrov soni ham sezilarli darajada ko‘tarildi. Bundan yagona bir maqsad ko‘zlangan. O‘zbekiston ilm-fan, intellektual salohiyat sohasida, zamonaviy kadrlar, yuksak texnologiyalar borasida dunyo miqyosida raqobatbardosh bo‘lishi shart. Universitetlar haqiqatan ham talab qilinadigan bilimlarni berishi, yetuk mutaxassislarni tarbiyalashi, raqobatbardosh kadrlarni tayyorlashi kerak. Buning uchun dunyoning ilg‘or tajribalarini o‘rganib, o‘zimizda joriy etamiz.
Ta’lim albatta, uzluksiz tashkil etiladi. Maktabgacha ta’lim, maktab va oliy ta’lim sohalari bir – biriga bog‘liq holda rivojlantiriladi. Prezidentimiz tomonidan maktab ta’limi va o‘qituvchining obro‘si borasida ham haqqoniy fikrlar bildirildi. Xorazm va Qoraqalpog‘istonda amaliy tajribadan o‘tkazilgan usul – boshlang‘ich sinflarga bepul tushlik tashkil etilishini tarixda bo‘lmagan ish, deb hisoblash mumkin.
Buning uchun davlat byudjetidan 2,3 trillion so‘m, imtiyozli ta’lim kreditlari uchun 1,7 trillion so‘m ajratilishi e’lon qilindi.
Farzandlarimizning salomatligi uchun davlat xazinasidan katta mablag‘ ajratilmoqda. Bu amaliyot ham butun dunyo miqyosida har doim yaxshi natija bergan – qorni to‘q bola uyiga ko‘pam shoshilmaydi, kutubxonaga borishga yoki qo‘shimcha mashg‘ulotlarga qatnashishga o‘zida rag‘bat sezadi, darslardan keyin sport bilan ham shug‘ullanishlari mumkin. Bu mashg‘ulotlar darslardan so‘ng bolalarning intellektual salohiyatini oshirishga xizmat qilishini tushunish uchun mutaxassis bo‘lish shart emas.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, Murojaatnomada belgilangan vazifalar albatta, faoliyatimizda dasturilamal bo‘lib xizmat qiladi. Prezidentimiz bu yo‘lda niyati ulug‘, mehnatkash xalqimizga tayanishini alohida ta’kidladi. Bu yo‘lda barchamiz, olimlar, ziyolilar, o‘qituvchilar, dehqon va chorvadorlar qattiq mehnat qilamiz. Mehnat esa, albatta o‘z samarasini beradi.
Xudoynazar Yunusov,
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti rektori.
Biologiya fanlari doktori, professor.