Maktabga yetib bormagan, ammo sotuvga chiqib ketgan darsliklar masalasiga izoh berildi

Saytimizda “Sotuvda bor, maktabda yo‘q: Yoxud boshlang‘ich sinflarga bepul ovqat, yangi avlod darsliklari berildimi?” sarlavhali maqola e’lon qilingan edi.

Maqolada boshlang‘ich sinflarga bepul ovqat berilishi hamda darsliklar ta’minoti xususida so‘z yuritilgan. Xususan, maqola e’lon qilingan sana holatida qator maktablarga yetib bormagan, ammo sotuv turgan 1-sinf darsligiga e’tibor qaratilgan. Chunki bu darsliklarning savdoga chiqarilishi mumkin emas. Viloyat  Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi maqolada tilgan olingan masalalar yuzasidan quyidagicha munosabat bildirdi:

“O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 28 fevraldagi “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi PF-27-son qarori 8-bandiga ko‘ra, 2023-2024-o‘quv yilidan boshlab respublikamizning barcha hududlaridagi umumta’lim maktablarining boshlang‘ich sinf o‘quvchilari bepul ovqat bilan ta’minlanishi belgilangan.

Xabaringiz bor, Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 25- avgustdagi 472-sonli qaroriga asosan, 2022-2023-o‘quv yilidan boshlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi umumta’lim maktablar boshlang‘ich sinf o‘quvchilari bepul ovqat (nonushta yoki tushlik) bilan ta’minlanib kelinmoqda.

Ta’kidlash joizki, Mamlakatimizdagi umumta’lim maktablar boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini bepul ovqat bilan ta’minlash bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.

Shuningdek, maqolada viloyat maktablarga ayrim yangi avlod darsliklari yetib bormayotgani, darsliklar do‘konlarda sotilayotgani, xususan, 1-sinfdan 4-sinfgacha bo‘lgan ingliz tili darsliklari daftari bilan birga 55-60 ming so‘mdan Samarqand shahridagi Marmar bozori atrofida joylashgan kitob do‘konlarida sotuvga chiqarilgani xususida so‘z yuritilgan.

Samarqand viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi maktab o‘quvchilari uchun mo‘ljallangan darsliklarning ( darslikning orqa tomoniga "sotuvga chiqarish ta’qiqlanadi" deb yozib qo‘yilgan bo‘lsa-da) noqonuniy ravishda kitob do‘konlarida sotilishini oldini olish va tegishli tartibda choralar ko‘rish bo‘yicha Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamenti Samarqand viloyat boshqarmasi shuningdek, Davlat soliq qo‘mitasi Samarqand viloyati boshqarmasiga xat yuborilgan”, deyiladi munosabatda.