Xususiy klinikalarda xizmat ko‘rsatish narxi qanday belgilanadi?
Xususiy tibbiy klinikalardagi narx-navolar borasida aholi orasida turli fikr mavjud. Asosiy savollardan biri - nega turli xususiy klinikalarda tibbiy xizmat narxlari turlicha? Deylik, umumiy qon tahlili narxi bir klinikada arzonroq bo‘lsa, boshqa bir diagnostik markazda u ancha qimmat bo‘lishi mumkin. Buning sabablari nimada?
Avvalo, shuni aytish lozimki, xususiy klinikalar xizmat narxlarini O‘zbekiston Respublikasining 2012 yil 2 maydagi «Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida»gi Qonuniga ko‘ra belgilaydi. Ushbu qonunning 8-moddasida tadbirkorlik sub’yektlari o‘z tovarlari, ishlari va xizmatlarini bozor konyukturasidan kelib chiqib, mustaqil ravishda belgilanadigan narxlar va tariflar bo‘yicha yoki shartnoma asosida belgilashi ko‘rsatilgan.
Mazkur qonunga asosan, xususiy tibbiy korxonalar xizmat narxlarini mustaqil ravishda belgilash huquqiga ega. Ya’ni, bunda xususiy klinika ochgan tadbirkor mavjud binosiga yoki ijara haqiga to‘lanadigan mablag‘, klinika joylashgan hudud (markaz, tuman, qishloq), xorijdan keltirayotgan uskunalar narxi va shu kabi qator omillarga qarab belgilaydi.
Bugungi kunda viloyatda 700 ga yaqin xususiy klinikalar bo‘lib, 2017 yilga nisbatan ularning soni 2 barobarga ko‘paygan.
Shuningdek, xususiy tibbiyot tashkilotlarida 2017 yilda 50 turdagi ixtisoslik bo‘yicha xizmat ko‘rsatilgan bo‘lsa, 2023 yilda esa 126 turdagi ixtisoslik bo‘yicha tibbiy xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan.
Eldor MUHAMMADIYeV,
viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi xodimi.