Yangi ko‘rinishdagi Kengashlar qanday bo‘ladi? Ayrim deputatlarimiz OAVdagi chiqishlari bilangina faoliyat yuritayotganga o‘xshaydi

Davlatimiz rahbari mahalliy ijroiya organi bo‘lgan hokimliklar hamda mahalliy kengashlar faoliyatini chuqur o‘rganish, qayta tashkil etish hamda Kengash va hokimlik faoliyatidagi bir xillikka barham berish, shu paytgacha faoliyat yuritib kelgan xalq deputatlari kengashlarining alohida yuridik tashkilot sifatida faoliyatini yo‘lga qo‘yish tashabbusini o‘rtaga tashlagan edi. Bu taklif va tashabbus mamlakat siyosiy hayoti va mahalliy hokimliklar faoliyatida yangi bosqichni boshlab beradi. Negaki, ayni paytda faoliyat yuritayotgan viloyat, tuman, shahar hokimliklari bevosita hokim rahbarligidagi va uning apparati, bo‘lim va boshqarmalari ishtirokidagi xalq deputatlari Kengashlari hamda deputatlaridan iborat edi. Buni ham mahalliy hududda qaror chiqaruvchi (viloyat, tuman, shahar Kengashlari) hamda ijro etuvchi organlarning sezilar-sezilmas yagona tizimga birlashtirilganligidan bilish mumkin edi. Ham qaror chiqaruvchi, ham ijro etuvchi hamda uning nazoratini qo‘lga olgan tashkilot (hokimliklar)ning ikki yo‘nalishda faoliyat yuritishi hech bir oshkoralik, xolislik, qolaversa, demokratik tamoyillarga mos emas edi.

Yangi tashkil etilgan xalq deputatlari mahalliy Kengashlari faoliyatini boshqaruvchi kotibiyat bu boradagi bir xillik, bir-birining faoliyatini takrorlash, uzoq yillardan buyon davom etib kelayotgan ham ijro, ham qaror chiqaruvchilik vazifasini cheklashga turtki bo‘ldi.

Bugun xalq deputatlari Samarqand shahar Kengashida ham kotibiyat faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Bu amaliyot mamlakatimizda ushbu tizimni hayotga keng tatbiq etish maqsadida sinov-tajriba tariqasida joriy etilayotgan bo‘lsa-da o‘z samarasini ko‘rsatmoqda.

Xalq deputatlari shahar Kengashining keyingi sessiyalari o‘zgacha ruhda, yangicha siyosiy faollik va ishchanlik ko‘rinishida o‘tmoqda. Avvalo, hozirgi pandemiya sharoitida xalq deputatlari shahar Kengashi tashabbusi bilan onlayn tizimda sessiya o‘tganligi diqqatga sazovor. Endigina faoliyatini boshlagan xalq deputatlari Kengashi kotibiyati hamda doimiy komissiyalar, deputatlarning jipsligi, kun tartibiga qo‘yilgan masala mohiyatiga jiddiy yondashuv hamda har bir masala yuzasidan xalq saylagan vakil sifatida saylovchilarning manfaatini ko‘zlab qaror qabul qilishga bo‘lgan mas’uliyat sessiyalarning yuqori darajada, ishchanlik bilan o‘tishiga xizmat qilmoqda. Avvalo, muhokama etilayotgan masalaga tegishli doimiy komissiyalar tomonidan avvaldan tayyorlanib, deputatlar ushbu masala yuzasidan yetarli darajada tushunchaga ega bo‘lganliklari tufayli sessiyada jonli muloqot, xolis bahs-munozaralar avj oldi.

Deputat so‘rovlari shu paytga qadar ko‘proq rasmiy tusdagi oddiy qog‘oz qoralashdan boshqa narsa emas edi. Endilikda xalq vakillari hisoblangan deputatlar va xalq xizmatida bo‘lgan davlat va boshqa tashkilotlar rahbarlari o‘rtasidagi rasmiy muloqotlar orqali muammolarni hal etishning yangi yo‘llarini aniqlash va belgilash imkoniyati yaratilmoqda. Endilikda har bir deputat o‘z saylovchisining muammosini, hududda to‘planib qolgan muammolarni hal etish yuzasidan shahar hokimligi bo‘lim va boshqarmalari, tashkilotlar rahbarlariga deputat so‘rovi sifatida murojaat etib, tegishli javobni olish – muammolarni hal etish yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqida saylovchilarni xabardor qilish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.

Sessiyalarda deputatlar va ijro hokimiyati mutasaddilari o‘rtasida bahs-munozaralar bo‘layotgani, har bir masala qizg‘in muhokama etilayotgani fikrlar xilma-xilligi asosida aholi manfaatidan kelib chiqib, adolat qarorlar qabul qilinishida muhim omil bo‘lmoqda.

Bahs-munozaralardagi xolislik, oshkoralik deputat va mutasaddilar o‘rtasidagi bir-biriga hurmat, ko‘tarilayotgan muammoni hal etishdagi amaliy taklif va munosabatlarning qay tarzda bildirilishiga ham bog‘liq. Shu o‘rinda samimiy munosabat, degan tushunchani bunday tadbirlarimizda keng qo‘llashimiz zarur, degan fikrga keldim.

Ammo ayrim korxona, tashkilot, muassasalar rahbarlarining deputat so‘roviga mas’uliyatsizlik bilan qarayotganidan ham bugun ko‘z yumib bo‘lmaydi.

yondashayotganligini afsus bilan tilga olish zarur. Deputat hech qachon o‘zining shaxsiy muammosini hal qilish uchun mutasaddiga murojaat etmaydi: hamisha deputat saylovchilari va ular yashayotgan hududda to‘planib qolgan muammolarning sababini o‘rganib, uning ijrosini ta’minlash uchun mutasaddilarga qonunda belgilangan tartibda murojaat etadi.

Bugungi kunda deputatlik so‘rovlariga munosabat bobida mutasaddi tashkilotlar rahbarlarining ish uslubi mutlaqo talabga javob bermaydi. Deputat sifatida biron-bir mutasaddiga rasmiy murojaat etadigan bo‘lsangiz, avvalo, sizning o‘ziga bo‘lgan «shaxsiy munosabati»ni o‘rganib chiqadi! Oqibatda, bunday so‘rovlarga zarur javobni olishda muammolar yuzaga keladi.

Xalq deputatlari Kengashlari sessiyalarida tegishli tashkilotlar rahbarlarining axborot va hisobotlarini eshitish yo‘lga qo‘yilgan. Va bu hisobotlar dastlab tegishli doimiy komissiyada ko‘rib chiqilishi, so‘ngra sessiyaga olib chiqilishi kerak. Ammo amalda bu mexanizm ishlamayapti. Sessiyani chaqirish haqidagi axborotdagina kimning hisoboti eshitilishi ma’lum qilinadi. Deputatlar axborot yoki hisobotni faqat sessiya chog‘ida olyapti, tinglayapti. Endilikda kotibiyat bu masalaga jiddiy e’tibor qaratishi zarur.

Keyingi paytlarda deputatlarimiz o‘z faoliyatlari haqida ommaviy axborot vositalari, rasmiy saytlarda chiqishlar qilmoqda. Bundan quvonish kerak. Deputat borki, albatta, o‘z faoliyati haqida saylovchilarini ogoh etishni, ularning tashvishlari bilan yashashni va bu tashvishlarni hal etishga hissa qo‘shishni istaydi. Ammo, deputat o‘z faoliyati haqida ommaviy axborot vositalari, rasmiy veb-saytlarda, ijtimoiy tarmoqlarda chiqish qilishi bilan o‘z faoliyatini bajaryapti, degan xulosaga kelish noo‘rin. Afsuski, ayrim deputatlarimiz ommaviy axborot vositalaridagi chiqishlari bilangina faoliyat yuritayotganga o‘xshaydi.

Xalq deputatlari Samarqand shahar Kengashi kotibiyati o‘z faoliyatini yangi, sinov davrida boshlaganligini e’tiborga olib, hali oldinda Kengash va uning mas’ullarini jiddiy sinovlar kutib turganligini ta’kidlash joiz. Zero, hali aniq bir andazaga ega bo‘lmagan faoliyat yo‘nalishini yangi yo‘riqnomalar asosida yo‘lga qo‘yish xodimlardan o‘qish, uqish, har qanday sinovga tayyor bo‘lishni taqozo etadi.

Hakim JO‘RAYeV,

xalq deputatlari Samarqand shahar Kengashi deputati.