Yangi yilni uyda nishonlaymiz
O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasining qaroriga ko‘ra:
▪️ vazirlik, idoralar, davlat ulushi bo‘lgan korxonalar va boshqa tashkilotlar tomonidan turli xil korporativ bayram tadbirlari tashkil etish taqiqlandi;
▪️ korporativ bayram tadbirlaridan tejab qolingan mablag‘larni ta’lim, sog‘liqni saqlash, mehribonlik uylari va boshqa ijtimoiy sohalarga yo‘naltirish tavsiya etildi;
▪️ ushbu cheklov restoran, kafe va boshqa umumiy ovqatlanish ob’yektlarida 30 kishidan oshmagan hamda sanitariya-gigiyena va karantin talablariga qat’iy rioya etgan holda bayram tadbirlarini o‘tkazishga nisbatan tatbiq etilmasligi belgilandi;
▪️ maktabgacha ta’lim tashkilotlari, umumta’lim maktablari hamda oliy ta’lim muassasalarida tarbiyalanuvchilar, o‘quvchilar va talabalar ishtirokida yopiq binolarda turli bayram tadbirlari va kechalarini tashkil etish va o‘tkazish taqiqlandi;
▪️ Yangi yil bayrami munosabati bilan bolajonlar uchun mo‘ljallangan “Prezident archasi” bayram tadbirlari faqatgina mehribonlik uylari va bolalar shaharchalari tarbiyalanuvchilari uchun o‘tkazilishi belgilandi, bunda tarbiyalanuvchilarning birgalikda bir maskanda istiqomat qilishi inobatga olindi;
▪️ viloyatlar, tumanlar markazlari va shaharlarda ochiq osmon ostida archalar o‘rnatish tavsiya etildi;
▪️ vazirlik, idoralar va boshqa davlat tashkilotlari hamda xo‘jalik birlashmalari Yangi 2021 yil bayrami tadbirlarini oila davrasida o‘tkazish uchun xodimlarga zarur shart-sharoitlarni yaratish choralarini ko‘radilar;
▪️ restoran, kafe, choyxona va boshqa umumiy ovqatlanish shoxobchalarida karantin cheklovlariga (mijozlarni joylashtirishda ijtimoiy masofani saqlash, tibbiy niqobdan foydalanish, 30 kishidan oshmagan holda to‘y va oilaviy marosimlarni o‘tkazish, shuningdek, dezinfeksiya ishlarini amalga oshirish) qat’iy rioya etilishi ustidan nazorat kuchaytiriladi.