Yangiqo‘rg‘on bozoridagi holat qachon yaxshilanadi?

19 may kuni telegram kanalimizda Oqdaryo tumanidagi Yangiqo‘rg‘on bozoridagi holat aks etgan tanqidiy fotolavhalar berilgan edi.

Viloyat bozorlar va savdo komplekslari uyushmasi axborot xizmati ushbu fotolavhada ko‘rsatilgan muammolar bo‘yicha javob yo‘llardi. Unda shunday deyiladi:

"Fotolavhada aks ettirilgan muammolar haqiqatan ham odamlarni ancha vaqtdan beri qiynab kelyapti. Holat viloyat bozorlar va savdo komplekslari uyushmasi raisi hamda mas’ul xodimlar ishtirokida joyida o‘rganildi.

Ichki imkoniyatdan kelib chiqib, sotuvchi va xaridorlar uchun qulay sharoit yaratish, zamonaviy rastalar va savdo nuqtalari tashkil qilish yuzasidan bozor mas’ullariga topshiriqlar berildi. Buning natijasida yo‘ldagi tirbandlik ham bartaraf etiladigan bo‘ldi".

P/s: Ko‘tarilgan muammo kecha yo bugun paydo bo‘lib qolgani yo‘q. Bu borada tahririyatimizga Yangiqo‘rg‘on mahallasidan bir necha murojaatlar ham bo‘lgan. Muammoning hal etilishi mahalliy aholiga ham, bozor ma’muriyatiga ham, haydovchilarga ham foydali.
Biz bu mavzuga yana qaytamiz.