Yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bolaga e’tiborsiz munosabatda bo‘lgan 243 nafar mas’ul shaxslar javobgarlikka tortildi

Samarqandda 3150 nafar voyaga yetmaganlar vasiylik va homiylik belgilangan oilalarga patronat (tarbiyalash)ga joylashtirilgan.

Yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bolalarga vasiy-homiy biriktirish yoki boshqacha tarzda joylashtirish, ularning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida qonunbuzilishga yo‘l qo‘ygan 243 mas’ul intizomiy va ma’muriy javobgarlikka tortilgan.

Viloyatda ijtimoiy yetimlikning oldini olish, yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy himoyasini ta’minlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, vasiylik va homiylik belgilangan, oilalarga patronat (tarbiyalash)ga joylashtirilgan 3150 nafar voyaga yetmaganlarning sog‘lig‘i, ta’minoti, ta’lim olishi, ota-onasiga tegishli mol-mulklar taqdiri hamda ular yashayotgan oilalarning ijtimoiy holati o‘rganib chiqildi.

Yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan, biroq tegishli tartibda vasiy-homiy biriktirilmagan yoki boshqacha tarzda joylashtirilmagan bolalar har bir mahalla va ta’lim muassasalari kesimida o‘rganildi. Mazkur toifadagi 1352 nafar bola aniqlanib, ularning 526 nafariga vasiy va homiylar biriktirilib, 6 nafari patronat oilalarga topshirildi, 11 nafari Mehribonlik uyi va SOS bolalar mahallasi viloyat bo‘limiga joylashtirildi.

O‘rganishlar davomida ushbu toifadagi 1561 nafar bola chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, turli kasallik aniqlangan 55 nafar bola viloyat va tuman shifoxonalarida bepul davolandi.

Viloyatda tug‘ilganlik haqidagi guvohnomalari bo‘lmagan bolalar ro‘yxati shakllantirilib, ularning 170 nafariga tug‘ilganlik guvohnomalari rasmiylashtirilgan.

Shuningdek, 262 nafar bolaning ota-onasiga tegishli mol-mulklarga taqiq qo‘yilib, 45 nafar bolaga boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi tayinlangan. 9 nafar bolaning manfaatlarini ko‘zlab, sudlarga ota-onalik huquqidan mahrum qilish to‘g‘risida da’vo ariza kiritilgan.

129 nafar bolaga qishgi kiyim-bosh, 62 nafar bolaga tibbiy jihoz va dori-darmon, 436 nafariga badiiy adabiyotlar, o‘quv jihozlari va qurollari olib berildi.

Bundan tashqari, yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bola tarbiyalayotgan 150 oilaga moddiy ko‘mak, 95 oilaga esa oilaga suyultirilgan gaz ballonlari berilgan.

O‘rganish davomida yetim va ota-ona qaramog‘idan bo‘lgan bolalarga vasiy-homiy biriktirish yoki boshqacha tarzda joylashtirish, ularning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida aniqlangan qonun buzilishi holatlarini bartaraf etishga qaratilgan 156 ta prokuror nazorati hujjatlari qo‘llanilgan. Qonunbuzilishiga yo‘l qo‘ygan 243 nafar mas’ul shaxslar intizomiy va ma’muriy javobgarlikka tortilib, qonunbuzilish holatlari bartaraf etilgan.

Ulug‘bek Muhammadiyev,

viloyat prokurorining katta yordamchisi, adliya maslahatchisi.