Yigitlar harbiy xizmatga kuzatildi

Viloyat mudofaa ishlari boshqarmasi yig‘in punktida muddatli harbiy xizmatga otlangan bir guruh mard o‘g‘lonlarni tantanali kuzatish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Chegara qo‘shinlarida harbiy xizmatni o‘tash uchun ketayotganlarni kuzatish uchun okrug qo‘mondonligi ofitserlari, Qurolli Kuchlar faxriylari, davlat va jamoatchilik tashkiloti vakillari, ota-onalar ishtirok etdi.
So‘z olganlar Milliy armiyamiz salohiyatini oshirish, harbiy xizmatchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlarning ahamiyati haqida to‘xtaldi. Kuchli armiya tinch va farovon hayotimiz kafolati ekanligi ta’kidlanib, chaqiriluvchilarga bu mas’uliyatli vazifani sharaf bilan o‘tashda omad tilandi.
- Bu yil viloyatimizda muddatli harbiy xizmatga chaqiriluvchilarni tanlovdan o‘tkazish jarayoni har qachongidan qizg‘in o‘tdi, - deydi viloyat mudofaa ishlari boshqarmasi boshlig‘i Burxon Quvvatov. – Bunda tanlovning yuqori saviyada va eng asosiysi, xolis o‘tkazilishiga alohida e’tibor qaratildi. Natijada unda ishtirok etgan yigitlar orasidan eng mard va jasurlari saralab olinib, muddatli harbiy xizmatga tavsiya qilindi. Endi ularning Vatan oldidagi yigitlik burchini o‘tash, askar bo‘lish orzusi amalga oshadi.
Shundan so‘ng, o‘g‘lonlarga “Askarga eslatma” kitobchalari tarqatildi. Chaqiriluvchilar uchun konsert dasturi namoyish etildi.
Tadbirdan so‘ng yoshlar muddatli harbiy xizmatni o‘tash uchun belgilangan joylarga jo‘natildi.