Yog‘ narxi oshdi, bunga sabab nima?

Keyingi bir necha oyda yog‘ mahsulotining narxi oshdi. Xo‘sh, narx oshishiga nima sabab bo‘ldi, ishlab chiqarish, import yoki xomashyo taqchilligi?

zarnews.uz muxbiri bu savollarga javob izladi.

2020 yil dekabr oyida o‘simlik yog‘ining narxi birmuncha oshdi. Asosan kungaboqar yog‘ining narxi ko‘tarildi.

Masalan, keyingi uch oydagi narxlarga qaraydigan bo‘lsak, un (1 qop) 50-60 ming so‘mga, paxta yog‘i (5 litr) 15 ming so‘mga arzonlagan, biroq kungaboqar yog‘i (5 litr) 15-20 ming so‘mga qimmatlagan. Yog‘ ishlab chiqarish uchun xomashyo asosan Rossiya, Ukraina va Qozog‘iston davlatlaridan keltiriladi, o‘tgan yili bu davlatlarda ham hosil yaxshi bo‘lmaganligi uchun xomashyo keltirishda biroz qiyinchiliklar kuzatilmoqda. Bu esa mahsulot tannarxiga ham ta’sir qilmoqda. Kechagi kungi kuzatuvlarimizda 5 litrli qadoqlangan paxta yog‘i 55-65 ming so‘mdan, kungaboqar yog‘i 76-84 ming so‘mdan sotilmoqda.

Viloyat statistika boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yil yanvar oyida 1843,1 tonna (1793,8 ming AQSh dollarlik) o‘simlik yog‘i import qilingan.

O‘zbekiston tovar xomashyo birjasi savdolari viloyat filialiga yanvar-fevral oylarida 10 ta sotuvchi tomonidan 1856,6 tonna yog‘ qo‘yilgan, 1468,4 tonna mahsulot 18 488,2 million so‘mga sotilgan.

Demak, paxta yog‘i xomashyosi o‘zimizda mavjud bo‘lganligi uchun narxi tushgan va aksincha import qilinadigan xomashyo yetishmovchiligi tufayli kungaboqar yog‘ining narxi oshgan.