O‘simlik yog‘i narxi nega oshyapti?
Keyingi bir necha oyda moy va shakar narxi birmuncha oshdi. Xo‘sh, narx oshishiga nima sabab bo‘ldi, ishlab chiqarishda muammo bormi, import qisqardimi yoki xomashyo taqchilligi yuzaga keldimi?
Raqamlarga qaraydigan bo‘lsak, jahon bozorida o‘simlik yog‘i narxi yil davomida 86 foizga, yil boshidan buyon esa 21 foizga qimmatlashgan.
O‘zbekistonda o‘simlik yog‘i iste’moli yiliga 460 ming tonnani tashkil etadi va uning yarmi import hisobiga qoplanadi. Ular asosan Rossiya, Ukraina, Qozog‘iston va boshqa MDH davlatlaridan import qilinadigan mahsulot hisobiga ichki iste’mol ehtiyoji qoplanadi.
Kuzatuvlarga ko‘ra, o‘simlik yog‘i narxi o‘sishi 2020 yil so‘nggida boshlangan. Bunda asosan import qilinayotgan o‘simlik yog‘i qimmatlashgani bois boshqa moylarga ham ta’sir ko‘rsatgan. Aholining iste’mol talabi va bozordagi narx-navoning keskin oshib ketishi ortidan 1 maydan o‘simlik yog‘i importiga qo‘shilgan qiymat solig‘i bekor qilindi. Ya’ni, o‘simlik yog‘i, kungaboqar, zig‘ir va soya urug‘i importiga qo‘shilgan qiymat solig‘i bekor qilinib, kungaboqar va paxta yog‘i hamda ularning urug‘lariga eksport bojlari joriy etiladi.
Xo‘sh, mazkur tartibdan keyin ushbu mahsulotlarning narxida qanchalik ijobiy o‘zgarishlar bo‘ldi?
Mana, “Siyob dehqon bozori” mas’uliyati cheklangan jamiyatidagi ulgurji savdo maskanlaridamiz.
- Keyingi bir necha kunda shakarning narxi biroz tushdi, - deydi Akmal ismli sotuvchi. – Avval bir qop shakarni 425 ming so‘m sotgan bo‘lsak, hozir 400 ming so‘mdan sotyapmiz. Chunki biz ulgurji oladigan joylarda narxlar tushdi. O‘simlik yog‘iga keladigan bo‘lsak, bu mahsulotda ham biroz narxlar pasaydi, lekin ko‘p emas. Masalan, avval 70-75 ming sotilgan 5 litrlik o‘simlik yog‘i hozir 60-65 ming so‘m sotilyapti. 1 litr paxta yog‘i 16-17 ming so‘m o‘rniga 15 ming so‘mdan sotilmoqda. Narxi, sifatiga qarab paxta va o‘simlik yog‘i 85-95 ming so‘mgacha sotilyapti, avval (5 litr) 105 ming so‘m sotilgan o‘simlik yog‘i bir necha kundan buyon 100 mingdan sotuvga chiqarilyapti. Ammo hozir ham Rossiyada ishlab chiqarilgan mahsulot (5 litr) 105-110 ming so‘m, mahalliy mahsulot esa paxta yog‘i (5 litr) 82-83 ming so‘mgacha, kungaboqar yog‘i (5 litr) 98-105 ming so‘mgacha sotilmoqda. Avvalo, qaysi davlatda ishlab chiqarilgan bo‘lsa ham sifati yuqori mahsulot qimmat. Yurtimizga asosan Rossiya, Ukraina, Belarus, Qozog‘iston davlatlaridan xomashyo kirib kelishi va mahalliy korxonalar katta hajmda mahsulot ishlab chiqarishining hisobiga narxlar barqaror saqlanardi. O‘tgan yili bu davlatlarda ham hosildorlik yaxshi bo‘lmaganligi tufayli xomashyoda taqchillik kuzatilyapti. Ushbu mahsulotlar importiga soliq va bojxona yengilliklari berilgani bilan o‘sha davlatlarning o‘zida mahsulot kam va qimmat. Shu bois narxlar yuqoriligicha qolmoqda. O‘z do‘konim misolida oladigan bo‘lsam avval 5 litrlik qadoqlangan o‘simlik va paxta yog‘idan kuniga 70-80 tagacha sotgan bo‘lsam, hozir kuniga 20-25 litr mahsulot sotyapmiz.
Viloyat bojxona boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, 2021 yilning 4 oyida viloyatimizga 21 tonna o‘simlik yog‘i import qilinib, savdoga chiqarilgan. Viloyatimizdagi uchta ishlab chiqaruvchi korxona tomonidan 8213 tonna xomashyo import qilingan.
26 aprel – 2 may kunlari "O‘zbekiston Respublika tovar-xom ashyo birjasi" aksiyadorlik jamiyatining barcha savdo platformalarida 1 817,4 milliard so‘mlik tovarlar sotilgan bo‘lib, bu avvalgi haftaga nisbatan 10,7 foizga ko‘pdir.
O‘tgan haftada birja savdolariga 8 047,0 tonna paxta yog‘i qo‘yilgan bo‘lsa, shundan 6 902,0 tonna, ya’ni 85,8 foiz hajmdagi paxta yog‘i sotilgan. Elektron savdolarda ishtirok etgan xaridorlarning o‘rtacha kunlik soni 130 kishini tashkil qildi.
Bu davrda barcha navli paxta yog‘ining kunlik o‘rtacha narxlari mahsulotning bir tonnasi uchun 15 004,1 ming so‘mdan 17 228,7 ming so‘mgacha, ya’ni 14,8 foizga ko‘tarildi. Hafta yakunlariga ko‘ra, 1-navli paxta yog‘ining haftalik kotirovkasi mahsulotning bir tonnasi uchun 16 310,3 ming so‘mni tashkil etdi.
Kungaboqar xomashyosi asosan chetdan import qilingani tufayli narxi qimmat. Nega o‘zimizning chigitdan tayyorlanadigan paxta yog‘ining ham narxi balandligicha qolmoqda?
Yog‘ narxlari bo‘yicha Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tahliliy o‘rganishlar olib bormoqda. Tez kunlarda xulosalar yakunlanganda viloyatimizda ehtiyoj, ishlab chiqaruvchilar va asosiysi, yog‘ narxining arzonlashganligi haqidagi xabarlardan umidvor bo‘lib qolamiz.
O‘ktam Xudoyberdiyev.