Antimonopol qo‘mita bozorlarda shakar, yog‘ va tuxum narxi keskin oshganiga izoh berdi

Sentyabr oyining oxirgi o‘n kunligida ichki bozorlardagi ayrim turdagi iste’mol tovarlari narxlarining keskin oshishi kuzatildi.

Xususan, kungaboqar yog‘ining chakana narxi sentyabr oyining boshiga nisbatan 11 500 so‘mdan 15 000 so‘mga (o‘sish 30 foiz), shakar mahsulotining narxi 6 000 so‘mdan 7 000 so‘mga (o‘sish 15 foiz) hamda parranda tuxumi narxi 1000 so‘mdan 1300 so‘mga (o‘sish 30 foiz) oshgan.

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi ichki bozordagi asosiy turdagi iste’mol tovarlarining chakana narxlarini monitoring qilib bormoqda va narxlar oshishi sabablarini o‘rganib, quyidagilarni ma’lum qildi.

Kungaboqar yog‘i

Respublikada bugungi kunda 40 dan ortiq kungaboqar yog‘i ishlab chiqaruvchi korxonalar mavjud.

Shu bilan birga, joriy yilning 9 oyi davomida 177 ming tonna kungaboqar yog‘i import qilingan bo‘lib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 13 foizga ko‘p.

Kungaboqar yetishtiruvchi asosiy yirik davlatlardan biri va respublikaga import qilinadigan mahsulotning asosiy qismi to‘g‘ri kelgan Rossiya Federatsiyasida kungaboqar hosili joriy yilda o‘tgan yilga nisbatan 12 foizga kam bo‘lishi kutilmoqda.

Rossiyada 2019 yilda 15,3 million tonna kungaboqar yetishtirilgan bo‘lib, 2020 yilda ushbu ko‘rsatkich 13,5 million tonna atrofida prognoz qilinmoqda.

Bu esa o‘z navbatida, mahsulotning narxlariga ta’sir etdi. Xususan, Rossiya bozorida avgust oyida bir tonna kungaboqar yog‘i 750-800 dollarni tashkil etgan bo‘lsa, o‘tgan haftada narxlar 985-1050 dollarni tashkil etib, narxlar o‘rtacha 30 foiz oshgan.

Bundan tashqari, Rossiya ichki bozorida mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun kungaboqarning yetishmasligi sababli mahsulot eksportining 4 yilga cheklanishi masalasining ko‘rib chiqilishi ham mahsulot narxlarining shakllanishiga ta’sir qilgan.

Tuxum

Prezidentning 2020 yil 19 iyundagi PF–6011-sonli Farmoniga muvofiq, chetdan keltiriladigan parranda ozuqa va ozuqa qo‘shimchalari, veterinariya preparatlari uchun joriy yilning 1 oktyabridan qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lanishi ko‘zda tutilmoqda. Bu esa o‘z navbatida ushbu mahsulotlar narxlarining 15 foiz oshishiga olib kelishini inobatga olib, bozor ishtirokchilari o‘zgarishlarni hisobga olgan holda narx belgilamoqda.

Parranda ozuqa bazasining asosiy qismini bug‘doy, soya shroti va makkajo‘xori xom ashyosi tashkil etib, ushbu mahsulotlarning narxlari yil boshidan o‘rtacha 10 foizga oshgan.

Masalan, yuqoridagi mahsulotlar ichida soya shroti asosan import mahsulot hisoblanib, yil boshida 1 kilogramm narxi 0,47 dollarni tashkil etgan bo‘lsa, bugungi kunda 0,51 dollarni tashkil qilmoqda.

Joriy yil iyun-iyul oylari mobaynida 14 dan ortiq yirik parrandachilik korxonalarida boqilayotgan 1,8 million bosh qari tovuqlar yangi jo‘jalarga almashtirilganligi mahsulot ishlab chiqarish hajmining keskin kamayishiga olib kelgan.

Bundan tashqari, valyuta kursining yil boshidan 8,5 foizga ko‘tarilishi ham import kungaboqar va soya shroti hamda boshqa ozuqaviy qo‘shimchalar narxining oshishiga ta’sir qilgan.

Shuningdek, “Parrandasanoat” uyushmasi tomonidan o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rovlar natijalariga ko‘ra, joriy yilda aholining iste’mol savatida tuxumga bo‘lgan talab 12 foizga oshganligi ma’lum bo‘lgan.

Shakar mahsuloti

Bugungi kunda respublikada 2 ta korxona shakar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanib keladi. Ularning yillik ishlab chiqarish quvvati 690 ming tonnani tashkil qiladi. Bunda ishlab chiqarishda asosan import asosida olib kelinadigan shakar xom ashyosidan foydalaniladi.

Bundan tashqari, 100 dan ortiq yuridik shaxslar tomonidan shakar mahsuloti muntazam import qilinib kelinmoqda. Xususan, o‘tgan yilning 9 oyi davomida 82 ming tonna shakar import qilingan bo‘lsa, joriy yilning mos davrida ushbu ko‘rsatkich 288 ming tonnani tashkil etdi.

Shu bilan birga, qo‘shni davlatlarda noqulay ob-havoning shakar yetishtirish uchun zarur bo‘lgan qandlavlagi xomashyosi sifatiga keskin ta’siri tufayli bu yilgi hosilning past bo‘lishi kutilmoqda.

Natijada, avgust oyining boshida 1 kilogramm shakarning narxi o‘rtacha 29 rublni tashkil etgan bo‘lsa, bugungi kunda 39 rublni tashkil etmoqda (o‘sish 34 foiz). Ya’ni, shakar narxining oshishiga importdan keltirilayotgan shakarning narxi ko‘tarilishi sabab bo‘lgan.

Bugungi kunda “Xorazm shakar” MChJ va “Angren shakar” MChJlarda 40 ming tonna tayyor shakar zaxiralari mavjud bo‘lib, muntazam ravishda birja orqali sotilib kelinmoqda. Joriy yilning avgust oyida mahalliy shakarning ulgurji narxi birja savdolarida o‘rtacha 5840 so‘m bo‘lgan va hozirgi kunda 6585 so‘mni tashkil qilmoqda.