Yoshlar va mustaqillik saboqlari: Avlodlarni birlashtirgan qadriyatlar
Samarqand xalqaro texnologiya universitetining “O‘zbek tili va madaniyati” markazi professor-o‘qituvchilari tomonidan 2024-2025-o‘quv yilida talabalik baxtiga muyassar bo‘lgan birinchi bosqich talaba-yoshlarining ilk sabog‘i “Biz bir bo‘lsak yagona xalqmiz-birlashsak vatanmiz!” shiori ostida “Mustaqillik darslari” bilan boshlandi.
Mustaqillik darsi davomida, respublikamizning istiqlol yillaridagi taraqqiyot yo‘li, mustaqillik bergan imkoniyatlarning ahamiyati hamda ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, huquqiy sohada erishilgan yutuqlar xususida so‘z bordi.
Samarqand xalqaro texnologiya universiteti texnologiya sohasiga ixtisoslashgan bo‘lsada, yurtimizdagi boshqa oliy ta’lim muassasalaridan farqli ravishda, universitet qoshida ilk bor O‘zbek tili va madaniyati markazi davlat tiliga yuksak hurmat va muhabbat namunasi o‘laroq tashkil etildi. Markazning asosiy vazifasi o‘zbek tilini talabalar va xorijlik professorlar o‘rtasida targ‘ib etish, xalqimizning qadim tarixi va madaniyati, ajdodlarimizning boy ma’naviy merosini tarannum etish, o‘zbek milliy san’at turlari xususan, raqs, maqom san’ati, shuningdek, qo‘shiqchilik hamda rassomchilik san’atining bor jozibasini namoyish qilish, talabalarni ona Vatanga sadoqat va vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdan iboratdir.
Davlatimiz rahbari ta’biri bilan aytganda “O‘zbek tili xalqimiz uchun milliy o‘zligimiz va mustaqil davlatchilik timsoli, bebaho ma’naviy boylik, buyuk qadryatdir”. Bugungi kunda mazkur markaz professor-o‘qituvchilari tomonidan talabalarni barkamol inson sifatida kamol toptirish, umuman olganda, xalqning chin farzandi etib tarbiyalanishlari uchun sa’y-harakat qilmoqdalar.
O‘zbek tili va madaniyati markazi tomonidan talabalarga o‘zbek tili va madaniyati asoslari fani moduli kiritilgan bo‘lib, fan uchun 3 kredit soat ajratilgan. Shu o‘rinda mazkur markaz professor-o‘qituvchilarining ilmiy salohiyati ham 90 foizdan yuqoriligini ham qayd etmoq joiz. Darslarda talabalar o‘zbek tili bilim darajasiga ko‘ra ikki guruhga bo‘linadilar. Birinchi guruhga umumiy o‘rta ta’lim maktabida ta’lim tili o‘zbek tili bo‘lmagan talabalarni qamrab olgan bo‘lib, ularga o‘zbek tili va madaniyati, tarixi, san’ati xususidagi ma’lumotlar soddaroq tarzda, qiziqarli ma’lumot va faktlar asosida yetkaziladi. Ikkinchi guruh esa maktabda bevosita o‘zbek tilida ta’lim olgan talabalardan iborat. Bu guruhdagi talabalar o‘zbek tilida nutq uslublari, matnlarni tahlil qilish amaliyoti, davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘zlashtiradilar.
Darslarning mavzular kesimida sayyor darslar shaklida tashkil etilishi talabalarning turli muzeylar faoliyati va tarixiy obidalar bilan tanishishlari uchun qulay imkoniyat yaratmoqda. Mazkur fan doirasida maxsus “Vatan saboqlari” darsi tashkil etilgan bo‘lib, zikr etilgan ushbu dars O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, «Shuhrat» medali, “El-yurt hurmati ordeni” sohibasi, shoira Xosiyat Bobomurodova tomonidan olib borilmoqda. Ushbu darsda talabalar vatan so‘zining mazmun-mohiyati, uni sevish, ardoqlash, tinchlik va osoyishtalik ne’matiga shukronalik bilan yashash, vatanning sodiq farzandi sifatida uning taraqqiyoti yo‘lida kambarbasta bo‘lish, vatan va xalq tushunchasining chambarchas bog‘liqligi kabi masalalarni tahlil qiladilar. Xalqimizning ardoqli adib va shoirlarining asarlarini mutolaa qilish orqali o‘zlaridagi vatanparvarlik hissini yanada sayqallantiradilar.
Qayd etish joizki, bugun yoshlarni vatanparvarlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, buzg‘unchi, yot g‘oya va mafkuralarga qarshi tura oladigan intellektual yetuk shaxs darajasiga ko‘tarish har qachongidan ham muhim va dolzarblik kasb etmoqda. Shunday pallada davlat rahbarining Uchinchi Renessans poydevorini barpo etish g‘oyasini o‘rtaga tashlagani va uni millatimiz va davlatimiz uchun hayot-mamot masalasi darajasiga ko‘tarayotgani ham aslida mana shunday ulug‘ maqsadlarni qamrab olgan. Shu nuqtai nazardan Samarqand xalqaro texnologiya universiteti qoshida tashkil etilgan O‘zbek tili va madaniyati markazi ayni maqsad va vazifalar ijrosini ta’minlashni maqsad qilib olganligini ta’kidlamoq lozim.