YPX inspektorlari ashyoviy dalillar bilan o‘g‘rilarni ushladi
Joriy yilning 24 fevral kuni soat 01:00 larda Toshkent viloyati IIBB YHXB YPX otryadi komandirining o‘rinbosari O.Nurinboyev va YPX inspektori X.Rahmonovlar belgilangan taqsimot asosida Olmaliq shahar hududida xizmat olib borishayotgan vaqtda inspektor X.Rahmonov o‘rnatilgan tartibda “Vaz-2103” rusumli transport vositasi haydovchisiga to‘xtash ishorasini bergan. Haydovchi ishorani ko‘rib turib, harakatni davom ettirgan.
Ko‘rilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida avtomashina to‘xtatilgan. Haydovchi transport vositasini boshqarish huquqini beruvchi hujjatlarini berishdan bosh tortgan.
Shuningdek, ushbu transport vositasida yo‘lovchi sifatida ketayotgan 2 nafar yigitlar shubxali harakatlar sodir etib, o‘zlarini g‘alati tutishgan. Bundan shubhalangan xodimlar ularni tuman IIBga olib borishgan.
Tuman IIBda o‘tkazilgan tekshiruvda yigitlarning sumkasidan niqob, turli xil simlar va o‘g‘irlik qilishda qo‘l keladigan ashyoviy dalillar, avtomobil ehtiyot qismlari topilgan. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi IIV YHXBB axborot xizmati xabar berdi.
Tuman IIBga kelib tushgan murojaatlar o‘rganilgan vaqtda fuqaro F.K.ga tegishli “Damas” rusumli avtomashinadan noma’lum shaxslar video qayd etish moslamasini o‘g‘irlab ketishganligi ma’lum bo‘lgan. Sumkadan topilgan video qayd etish moslamasi fuqaro F.K.ning murojaatida ko‘rsatilgan buyumning aynan o‘zi bo‘lib chiqqan.
Ashyoviy dalillar yetarli bo‘lganligi sababli qo‘lga olingan fuqarolar, 1999 yilda tug‘ilgan Sh.Q. va 2000 yilda tug‘ilgan A.T.larga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 169-moddasi, 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.