YPX xodimlari bilan janjal ko‘targan "Vazir o‘rinbosarining ikkinchi xotini" bo‘yicha rasmiy ma’lumot berildi
Ijtimoiy tarmoqlarda YPX xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmasdan o‘zini vazir o‘rinbosarining ikkinchi xotini ekanligini aytib, janjal ko‘targan ayol haqida videolavha tarqaldi.
Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB tomonidan tekshiruv o‘tkazdi.
Aniqlanishicha, 30 iyul kuni Uchtepa tumanida «Neksiya» avtomobiliga to‘xtash ishorasi berilgan, biroq haydovchi YPX inspektorining qonuniy talabiga bo‘ysunmasdan o‘z harakatini davom ettirgan. Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida to‘xtatildi.
Haydovchi, 1996 yilda tug‘ilgan E.Madina avtotransport vositasini texnik qayd etish guvohnomasidan tashqari boshqa xujjatlarni taqdim eta olmagan. Javobgarlikdan qochib qutulish maqsadida E.Madina va uning ukasi 1999 yilda tug‘ilgan E.Umid ichki ishlar organlari xodimlarining faoliyatiga to‘sqinlik qilib, janjal ko‘targan.
Fuqarolarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddalariga asosan mamuriy bayonnoma rasmiylashtirilib, avtoulov vaqtincha jarima maydonchasiga joylashtirilgan. Huquqbuzarlik sodir etgan shaxslarga nisbatan sud tomonidan tegishli jazo choralari qo‘llanilgan.
Shuningdek, o‘tkazilgan tekshiruv jarayonida E.Madinaning hech kaysi vazir o‘rinbosariga aloqasi yo‘qligi aniqlangan.