Yuqori likvidli mahsulotlarni birjaga chiqarish tizimli yo‘lga qo‘yilmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026 yil 16 fevraldagi Farmoniga muvofiq, “Monopol sohalarni bozor tamoyillariga bosqichma-bosqich o‘tkazish, xususiy sektor ulushini oshirish va tadbirkorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish” 56-maqsad sifatida belgilangan.
Mazkur vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi viloyat hududiy boshqarmasi tomonidan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, yuqori likvidli mahsulotlarni birja savdolariga to‘liq jalb qilish orqali yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish bo‘yicha doimiy monitoring olib borilmoqda. Bu jarayonda “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonun va Vazirlar Mahkamasining 170-son qarori talablariga amal qilinmoqda.
Viloyatdagi 26 ta paxta klasterlari va yog‘-moy korxonalari tomonidan texnik chigit, paxta yog‘i, shrot va sheluxa mahsulotlari belgilangan grafik asosida birja savdolariga qo‘yilmoqda. Joriy yilning I choragida 7 ta klaster tomonidan 94,9 ming tonna texnik chigit, 17 ta korxona tomonidan 28,9 ming tonna paxta yog‘i, 91,6 ming tonna shrot, 66,5 ming tonna sheluxa birjaga chiqarildi.
Shuningdek, un ishlab chiqaruvchi 11 ta korxona tomonidan birja talablari buzilgani aniqlanib, ularga ogohlantirish xatlari berildi va kamchiliklar bartaraf etildi.
E.To‘ychiyev,
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi viloyat hududiy boshqarmasi bosh mutaxassisi