Yuridik kollejida o‘qish ikki yil: Uni bitirgan yoshlar universitetga test sinovlarisiz qabul qilinadi

O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2019 yil 1 maydagi “O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi yuridik kollejlariga qabulni tashkil etish haqida”gi buyrug‘iga asosan, Samarqand viloyat yuridik kollejiga 2019-2020 o‘quv yili uchun 7 ta yo‘nalish bo‘yicha o‘quvchilar qabul qilinishi belgilandi.
Joriy o‘quv yilidan boshlab umumiy o‘rta (11-sinfni bitirgan) va o‘rta maxsus, kasb-hunar va akademik litsey ma’lumotiga ega abituriyentlar to‘lov-shartnoma asosida ikki yil davomida davlat xizmatlari, kadrlar masalalari, shartnomaviy masalalar, advokatura, notariat hamda ijro ishi bo‘yicha yurist yo‘nalishlari va agrar sektorda yurist yo‘nalishlarida tahsil olishi mumkin.
Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 23 oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining yuridik kollejlarida o‘qishni tashkil qilish choralari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, yuridik kollejlarga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha tanlovlar yozma imtihon shaklida huquqshunoslik, ona tili va adabiyoti (o‘zbek tili va adabiyoti, rus tili va adabiyoti, qoraqalpoq tili va adabiyoti) fanlari bo‘yicha o‘tkaziladi. Kam ta’minlangan oila farzandlari, Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari va ko‘zi ojiz o‘quvchilar davlat granti asosida tahsil oladi.
Ta’lim jarayoni innovatsion o‘quv loyihalarini amalga oshirish, o‘quvchilar amaliyotni tashkil etish uchun tegishli xududlardagi davlat va xo‘jalik boshqaruvi hamda sud, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda olib boriladi. Kollejni bitirgan o‘quvchilarning iqtidorli, bilimlilari orasidan 30 foizi esa saralab olinib, hududiy adliya organining yo‘llanmasi bilan Toshkent davlat yuridik universitetiga test sinovlarisiz, suhbat orqali qabul qilinadi. Suhbatda yoshlarning chet tillarni bilishi, amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarning mohiyati va ahamiyatini tushunishi, kasbiy vazifalarni hal qilishda amaliy faoliyati va ijodkorlik qobiliyatlari kabi qator masalalarga e’tibor qaratiladi.
Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 24 iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi yuridik kollejlari bitiruvchilarini Toshkent davlat yuridik universiteti bakalavriatiga o‘qishga qabul qilish to‘g‘risida nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori asosida universitetga test sinovlarisiz qabul qilingan yoshlar 3 yil uzluksiz ishlashi talab etiladi.
Shuningdek, kollejning o‘quv-metodik jarayonini muvofiqlashtirish, ularga amaliy jihatdan ko‘maklashish Toshkent davlat yuridik universiteti tomonidan amalga oshirilishi belgilangan.
Darvoqe, Samarqand viloyat yuridik kollejida o‘qish istagida bo‘lgan yoshlarning arizasi 2019 yil 1 iyundan 20 iyunga qadar qabul qilinadi.
Abituriyentlardan qo‘yidagi hujjatlar talab qilinadi:
- Mutaxassisligi va kasbi, o‘qitish tili, ta’lim muassasasini tugatganligi to‘g‘risidagi ma’lumotni, tanlovni o‘tkazish qoidalari bilan tanishganligi xususida belgini ko‘rsatgan holda ariza;
- Pasport nusxasi;
- Umumiy o‘rta ta’lim (11-sinf negizida) yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasasini tugatganligi haqidagi hujjatning asli va nusxasi (agar abituriyent hujjatlarni topshirish muddatida ta’lim muassasasini tugatganligi haqidagi hujjatni olmagan bo‘lsa, u tanlov o‘tkazish kuniga qadar hujjat aslini taqdim etish sharti asosida tegishli ta’lim muassasasi tomonidan berilgan uning gerbli muhri bilan tasdiqlangan rasmiy ma’lumotnomani taqdim etadi);
- 3,5 x 4,5 sm o‘lchamli 6 ta rangli fotosurat
Dilmurod Usmonov,
Samarqand viloyat yuridik kolleji
qabul kommissiyasining mas’ul kotibi.