Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Yuridik kollejlar rekonstruksiya qilinadi

Adliya vazirligining yuridik kollejlari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida Hukumat qarori qabul qilindi.

Qaror bilan yuridik kollejlarni rekonstruksiya qilish, kapital ta’mirlash va jihozlash parametrlari tasdiqlandi.

Qarorga ko‘ra, ob’yektlarda qurilish va montaj ishlari “foydalanishga tayyor holda topshirish” shartlarida ishlab chiqilgan loyiha-smeta hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.

Shuningdek, qarorga muvofiq, martaba darajalariga ega bo‘lgan yuridik kollejlari xodimlariga ustamalar va martaba darajalari uchun qo‘shimchalar Adliya organlari va muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasi va byudjetdan tashqari boshqa mablag‘lari hisobidan to‘lanadi.

2025 yil 1 yanvarga qadar mazkur qaror doirasida belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxat bo‘yicha olib kiriladigan O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan uskunalar va qurilish materiallari bojxona to‘lovlaridan (QQS va bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlaridan tashqari) ozod qilinadi.

Shuningdek, yuridik kollejlarda zamonaviy AKTni yanada keng joriy qilish maqsadida “Elektron yuridik kollej” elektron platformasi ishlab chiqiladi, elektron hujjat aylanish tizimi yaratiladi.