Yuridik texnikumlarga o‘qishga qabul qilish tartibi belgilandi

“O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi yuridik texnikumlari faoliyatini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Hukumat qarori (677-son, 30.10.2020 yil) qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, 2021/2022 o‘quv yilidan yuridik texnikumlarga hujjatlarni qabul qilish:

➖ davlat xizmatlari markazlari;

➖ Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali;

➖ Davlat test markazining rasmiy veb-sayti orqali amalga oshiriladi.

Toshkent davlat yuridik universiteti huzuridagi akademik litseyni tamomlagan 56 va undan yuqori natijalarga ega bitiruvchilar hamda respublika OTMlarida “yurisprudensiya” ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha test sinovlarida umumiy ballning 60 va undan yuqori foizni to‘plagan abituriyentlar yuridik texnikumlarga kirish imtihonlarisiz, to‘lov-kontrakt asosida qabul qilinadi.

Qaror bilan yuridik texnikumlarga o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risida nizom tasdiqlandi.

Nizomga ko‘ra, yuridik texnikumlarga o‘qishga qabul qilish to‘lov-kontrakt asosida qabul parametrlariga muvofiq to‘plangan ballarning reyting tizimi bo‘yicha amalga oshiriladi.

Kirish sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan:

➖ kam ta’minlangan oilalar a’zolari bo‘lgan abituriyentlar;

➖ “Mehribonlik uyi” va Bolalar shaharchasining bitiruvchilari;

➖ I guruh nogironligi bo‘lgan, shu jumladan, ko‘zi ojiz abituriyentlar qo‘shimcha qabul parametrlari asosida davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinadi.

Kirish sinovlari 25-30 avgustda quyidagi shaklda o‘tkaziladi:

➖ O‘zbekiston fuqarolari uchun – test sinovlari;

➖ xorijiy fuqarolar uchun – og‘zaki suhbat;

➖ ko‘zi ojizlar uchun – tanlov asosida.

Test sinovlari Davlat test markazi tomonidan o‘tkaziladi.