Zamonning odami: Nusratulla hayotning oltin qoidalariga rioya etib yashardi

U din ilmidan xabardor inson va ma’rifatli ayol tarbiyasini olgani uchun, avvalo, yuksak fazilatlarni o‘zlashtira oldi. Maktabda birga o‘qish davomida tilidan yomon so‘z chiqqanini, birovga ovozini balandlatib gapirganini eshitmaganmiz. Birga faoliyat ko‘rsatganlar ham hozirgacha uning safdoshlariga va o‘quvchilarga nihoyatda mehribon bo‘lganligini eslashadi.
Nusratullaning odobiga, kamtarligiga, darslarni qoldirmasligi va uyga vazifalarni puxta bajarib kelishiga barcha sinfdoshlar havas qilishardi.

Bu fazilatlar do‘stimizga keyinchalik juda asqotdi. Buxoro davlat pedagogika institutini tugatib qaytgach, Paxtachidagi bir qator maktablarda va nihoyat o‘zimiz o‘qigan 24-maktabda dars berdi. Fizika muallimi N.Xidirovning fanni puxta bilishi, o‘quvchilarga bilimni mohirona bera bilishi tilga tushdi. Shogirdlari birin-ketin tuman, viloyat fan olimpiadalarida g‘oliblikni egallab, hatto respublika bosqichlarida sovrindor bo‘la boshlashdi.

Bu orada do‘stimiz ma’rifatli xonadon vakilasi Zulfinor bilan turmush qurdi va tinch-totuv oilada birin-ketin ikki o‘g‘il, uch nafar qiz dunyoga keldi. Ming afsuski, Nusratulla to‘ng‘ich o‘g‘lining to‘yini ko‘ra olmadi. Dardi bedavo ajoyib muallimni oramizdan bevaqt olib ketdi.
Ammo fidokorona xizmati bejiz ketmadi. Tajribali muallim tuman iqtidorli bolalar maktabi nufuzini oshirishga hissa qo‘shdi, ko‘plab iqtidor egalarini fanda ravon yo‘lga boshladi. Natijada unga 2005 yilda «O‘zbekiston xalq o‘qituvchisi» unvoni berildi.

Nusratulla bilan maktabda musiqa to‘garagiga qatnaganmiz, hatto 8-sinfdan keyin madaniy-oqartuv texnikumiga o‘qishga boramiz, degan xayol ham qilganmiz. Keyinchalik bildimki, unda yaxshigina badiiy mahorat ham bor ekan, bir-biridan dilbar g‘azallar yozgan.

N.Xidirov xalq o‘qituvchisi unvoni nishonini deyarli taqmasdi, sababini so‘rasam, ko‘p oldida uyalaman, derdi. Bir kuni o‘qituvchilar malakasini oshirish institutiga uchrashuvga borsam, tajribasini o‘rgatish o‘rniga tinglovchi sifatida oxirgi qatorda kamtargina o‘tiribdi. Hammaga tanishtirdim. Auditoriya olqishladi, o‘zi esa xijolat bo‘ldi.

Yoshlarning mehribon, suyukli ustoziga aylanib ulgurgan do‘stimiz bedavo dard tufayli 2011 yil 15 dekabrda olamdan o‘tdi. Darvoqe, turmush o‘rtog‘i ham bu judolikni ko‘tara olmadi va to‘rt oy o‘tib bandalikni bajo keltirdi.

Agar hayot bo‘lganida Nusratilla 70 yoshga to‘lardi. Uning xotirasini yod etib turibmiz. Shukr, do‘stimizdan solih farzandlar, ajoyib shogirdlar qoldi. Nasim tajribali huqushunos, Habibulla geolog, Iqbol, Dilbar va Nilufar esa ota kasbini tanlashdi. Har davramizda sinfdoshimizning ezgu fazilatlari va ibratini yo‘qlaymiz, haqiga duo qilamiz.Chunki undagi fazilatlar har qanday jamiyatda ham qadrga arzigulikdir.

Farmon TOShEV.

***
Yoshligim, gul fursating qisqa bo‘lurmi shunchalik,
Keldingu, o‘tding ketib bir sham yonib o‘chgunchalik.

Bo‘lsa imkon, to‘xta bir dam, bir nafas tark etmagin,
Bor halovat, zallatingdan totinib ko‘rgunchalik.

Men qadah oldim qo‘lingdan, shodligimda yo‘q adad,
Sipqoray, kutgil, safosi-kayfini surgunchalik.

Zavqingga to‘ymay ko‘ngil afsusdadir, e voh, netay,
Qancha orzu birla armon qoldi qon yutgunchalik.

Ne umid birlan kelib Nusrat g‘azal bo‘stoniga,
Qo‘l uzatsa, shoshmagin, bir dasta gul uzgunchalik.

***
Ey nigor, sensiz bugun jismim ichinda jon yo‘q,
Gul yuzingni sog‘inib, ko‘rgim kelur, imkon yo‘q.

Yuzda zulfingdan olib rang, qolmadi yorug‘ jahon,
Osmonimda seningdek mahvashi tobon yo‘q.

Vaslingga shaydo ko‘ngil sendan bo‘lak yor istamas,
Chunki bu shaydo ko‘ngilga sendayin jonon yo‘q.

Gar nasib etsa, uzoring nuridan bahra olish,
Va ajab, dunyoda menga bundan ulug‘ ehson yo‘q.

Har daqiqa yodi vasling dog‘ida dog‘dir ko‘ngil,
Bilki, Nusrat qalbiga sendan aziz mehmon yo‘q.

Nusratilla XIDIROV.