«Zarafshon»ning AQShdagi sobiq muxbiri u yerdagi hayot haqida gapirib berdi

Butun dunyo miqyosida u yoki bu sohalar faoliyati to‘xtagan, ishsizlik, demakki, mablag‘siz qolgan oilalar ko‘paygan ayni karantin kunlarida Amerikadagi o‘zbekistonliklar turmushi qanday kechmoqda? Ularga ham e’tibor qaratilayaptimi? Shular haqda bilish uchun «Zarafshon» gazetasida bir necha yillar davomida muxbir sifatida faoliyat yuritgan, ayni kunlarda esa oilasi bilan Amerikada istiqomat qilayotgan Sarvinoz Umurova bilan suhbatlashdik.

- Shuni alohida ta’kidlashni istardimki, karantin kunlari o‘zbekistonliklar o‘zaro jipsligini namoyon qildi. Xabaringiz bor, juda ko‘pchilik o‘zbekistonliklarning Nyu-Yorkda oshxona, do‘konlari bor. Xursand bo‘lganim, karantin boshlanganidan buyon o‘zbekistonlik oilalar uchun doimiy ravishda ehson oshlari tarqatilmoqda. O‘zbekistonliklar tomonidan tashkil etilgan do‘konlar 24 soat davomida ishlaydi, ularga istalgan vaqti qo‘ng‘iroq qilib, mahsulot buyurtma qilish mumkin. Amerikada ham ayni paytda antiseptik vositalar, qo‘lqop, tibbiy niqoblar kamyob bo‘lib qolgan. O‘zbekistonlik haydovchilar birlashib, shu vositalarni yurtdoshlarimizga tarqatishmoqda. Sababi, aksariyat o‘zbekistonliklar odam gavjum hududlar, xususan, dorixona, do‘konlarda faoliyat ko‘rsatadi, shuningdek, keksalar parvarishi bilan shug‘ullanadi. Shuning uchun ular bu vositalarga hammadan ko‘proq muhtoj.

- Sarvinoz, aytingchi, o‘zbekistonliklar hukumat yordamidan ham bahramand bo‘lishdimi?

- Ha, rasman AQShda yashab, ishlayotgan o‘zbekistonlik oilalarga ham amerikalik fuqarolar, ya’ni daromadi ma’lum miqdordan kam bo‘lgan oilalarga bo‘lgani singari mablag‘ ajratildi. Katta yoshdagilarga 1200 AQSh dollari, voyaga yetmaganlar uchun esa 500 AQSh dollari miqdorida bir martalik yordam berildi. Tabiiyki, bu yordam ayni kunlarda ishsiz qolgan, yillik daromad ko‘rsatkichlaridan kelib chiqqan oilalarga berildi. Bu yerda har bir shtat o‘z fuqarolariga qo‘shimcha yordam ko‘rsatilishini o‘zi hal qiladi. Biz istiqomat qiladigan Nyu-York shtatida shuningdek, ijara haqi to‘lovlari ham ikki oyga muzlatildi.



- Ammo bu yashaydigan xonadonlar uchun ijara haqqi to‘lanmaydi, degani emas, to‘g‘rimi?

- Ha, albatta. Bu yerda ijara haqi o‘rtacha 2 ming AQSh dollarini tashkil qilishini ko‘pchilik yaxshi biladi. Umuman, bir oilaning bir oylik o‘rtacha, eng zaruriy xarajatlari 4 ming dollarga borib qoladi. Farzandlari yoshi kattaroq oilalarda esa undan ham ko‘proq. Shunday ekan, Amerikada bir oy bo‘lsa-da, ishsiz qolish bir oila uchun katta talafot sanaladi. Ya’ni, birgina ijara haqini o‘z vaqtida to‘lamaslik ham keyingi oyga o‘tsa, oilaga darhol bilinadi va qo‘shimcha foiz olinadi. Karantin paytida bizning shtatimizda bu masalada biroz yengillik bo‘ldi, ya’ni ijara haqi to‘lanmay qolgan oylar uchun o‘sha foizlar uch oy davomida to‘lanmaydigan bo‘ldi. Hukumat bergan yordam asosiy, shu kabi to‘lovlarni qamrab oladi.

- Farzandlari katta oilalarga ko‘proq mablag‘ talab etiladi, dedingiz. Ta’lim olishigami yoki boshqa xarajatlari ham bormi?

- Bilasizmi, o‘zbekistonliklarning bu yerda yashash tarzi ikki xil. Kimdir tezroq va ko‘proq pul ishlab, Vatanga jo‘natish va shu orqali kelgusida o‘ziga moliyaviy poydevor yaratish, qarindosh-urug‘lariga yordam ko‘rsatish harakatiga tushadi. Bu oilalar farzand ta’limiga katta e’tibor qaratmaydi. Ya’ni, farzandlari migrantlar uchun mavjud bepul maktablarda tahsil oladi. Ammo shunday oilalar borki, ular bolalarining yaxshiroq, nufuzli maktablarda o‘qitishni istaydi, obro‘li universitetlarda tahsil olishiga bolaligidan poydevor qo‘yishni istaydi. Yaxshi maktablarda o‘qishi uchun bolaning bilimi zo‘r bo‘lishi kerak. Shunga ko‘ra u qo‘shimcha ta’lim, bizning tilda aytadigan bo‘lsak, repetitorlarga muhtoj bo‘ladi. Bu yerda repetitor xizmatlari ham arzon emas. Agar boshdan u yaxshi maktablarda o‘qib, bilimi reytingi yuqorilab borsa, nufuzli oliy o‘quv yurtlarida tahsil olishi mumkin. Shartnoma asosida o‘qish esa o‘zingizga ma’lum, bu yerda juda qimmat, o‘rtacha 50 ming AQSh dollariga teng. Shuning uchun aksar o‘zbekistonliklar farzandlarini kollejda o‘qitishadi. Ammo bu ham nufuzli diplom bo‘lib, bemalol idora ishida xizmat qilishi mumkin. Kollejlarning ham turlari mavjud. Xullas, shu tariqa farzandlari ta’limiga jiddiy e’tibor qaratgan o‘zbekistonlik migrantlar katta mablag‘ sarflashiga to‘g‘ri keladi.

- Koronavirusga chalinganlarning uyida davolanayotgani, umuman, shtatdagi ayni paytdagi holat haqida ham to‘xtalib o‘tsangiz.

- To‘g‘ri, koronavirusga chalinganligi aniqlangan bemorlar uyida, shifokorlar tavsiyasi ostida davolanmoqda. Ushbu holatda fuqarolarning yuqori intizom va o‘zi hamda o‘zgalar sog‘lig‘ini o‘ylab ish tutishlariga ishoniladi va barcha qoidalarga rioya qilinadi. Faqat bemorlar juda og‘ir ahvolda qolsagina klinikaga yotqiziladi. U yerda davolanish bepul bo‘lmaydi, albatta. Umuman, Nyu-Yorkda jamoat transporti qatnayapti, katta ta’qiqlar yo‘q. Faqatgina fuqarolarning ijtimoiy mas’ulligiga ishonilmoqda. Ammo kasallikning juda tez sur’atlarda o‘sgani bizni tashvishga soldi. O‘zbekistonda olib borilgan choralarni shu yerdan turib, yaqinlarimizdan eshitdik va qanchalik to‘g‘ri yo‘l ekanligini tasdiqlab turibmiz.

- Ayni kunlarda yurt sog‘inchi yanayam ko‘proq bilinayotgan bo‘lsa kerak, to‘g‘rimi?

- O, sog‘inch haqida so‘ramang. Biz oilamiz bilan may oyini intiqlik bilan kutayotgandik. Sababi, shu oyda O‘zbekistonga uchish uchun chiptalarni olib qo‘ygandik. Aytish kerakki, Amerikada yashovchi boshqa yurtlardan kelgan fuqarolardan farqli ravishda o‘zbekistonliklar ta’til paytini, albatta O‘zbekistonda o‘tkazadi. Qarindoshlarining diydoridan kuch olib, so‘ng ishlashda davom etadi. Bilmadim, may oyida ahvol qanday bo‘ladi, hozircha  noma’lum. Istagimiz, ertaroq bu virusga qarshi vaksina ishlab chiqilsa, ko‘nglimizdagi xavotirlar arisa! Yaqinlarimiz diydoriga musharraf qilsin, deya duodamiz, albatta!

-O‘zingizni ehtiyot qiling, suhbatingiz uchun rahmat!

Gulruh MO‘MINOVA suhbatlashdi.