«Zarafshon»ning bugungi (2020 yil 20 fevral, №22) sonida o‘qing
Prezidentimizning 2018 yil 17-18 mart kunlari Samarqand viloyatiga tashrifi chog‘ida viloyat faollari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda Urgut tumanidagi Shodlik mahalla fuqarolar yig‘ini raisi davlatimiz rahbaridan mahalladagi sobiq shifoxona binosi o‘rnida oilaviy poliklinika qurish yuzasidan yordam so‘ragan edi. Bu taklif Prezidentimiz tomonidan ma’qullanib, ertasigayoq mutasaddilar u yerga borib vaziyatni o‘rgangan, hududga oilaviy poliklinika zarurligiga ishonch hosil qilgandi. Ko‘p o‘tmay, Shodlik mahallasida eski shifoxona hududining bir qismida zamonaviy oilaviy poliklinika qurilishi boshlanib, o‘sha yilning dekabr oyida foydalanishga topshirildi. Xo‘sh, bugun bu shifoxonada holat qanday?
***
Ma’lumotlarga ko‘ra, viloyatimizda 436,3 gektar sug‘oriladigan yer maydonida o‘zboshimchalik bilan, ya’ni noqonuniy uy-joy qurib olingan. Amaldagi qonunchilikka asosan bunday imoratlarga mulk huquqi e’tirof etilmaydi. Uni qurgan shaxs imoratni tasarruf etishga — sotishga, hadya etishga, ijaraga berishga, imoratga nisbatan boshqa bitimlar tuzishga haqli emas. Bundan tashqari, o‘zboshimchalik bilan imorat qurish natijasida huquqlari buzilgan shaxsning yoki tegishli davlat organining da’vosi bilan bunday imorat sudning qaroriga binoan uni qurgan shaxs tomonidan yoki uning hisobidan buzib tashlanishi lozim. O‘rganishlar natijalariga asosan viloyat prokuraturasi tomonidan yer maydonlarini bo‘shatish va o‘zboshimchalik bilan, ya’ni noqonuniy qurilmalarni buzdirish to‘g‘risida sudlarga 1549 ta da’vo arizalari kiritilgan.
***
Jangchi, qahramon va tashkilotchi rahbar Primqul Nurmonov haqida eshitganmisiz? Uning Ikkinchi jahon urushidagi jasorati haqida-chi? tuman miqyosida bo‘ladigan tadbirlarda payariqlik bu insonning nomi nega eslanmayapti? U kishining muzeyi qayta tiklanadimi? Primqul Nurmonovning nomi abadiylashtiriladimi? Mardlik va jasorat hech qachon unutilmaydi, deyishadi. Ammo tumanning obod go‘shalaridan birida uning haykalini o‘rnatishga, uy-muzeyini tiklashga kim bosh-qosh bo‘ladi?