Zukko, kamtar, ammo talabchan muallim edi
Ustoz jamiyat binosining binokori, ongu tafakkur muhandislari va ma’rifat bog‘ining bog‘bonidir. Hamkasbimiz - Samarqand tayanch tibbiyot kollejida uzoq vaqt ishlagan zahmatkash pedagog Inobat Kalonova ana shunday insonlardan biri edi.
Inobat opa 1950 yil 1 aprelda Paxtachi tumani Qarnabota qishlog‘ida tug‘ildi. Dastlab ish faoliyatini tumandagi o‘rta maktablarda boshladi.
Keyinchalik hayotini Samarqand shahri bilan bog‘ladi. Samarqand tayanch tibbiyot kollejiga o‘qituvchi bo‘lib ishga keldi. Kechagidek yodimizda: Ibodat opa jamoamizning haqiqiy jonkuyari, mehribon ayoli edi. Nafaqat o‘quvchilar, balki o‘qituvchilar bilan ham ochiq, samimiy munosabatda bo‘lar, kerak bo‘lganida yordamini ayamasdi.
Shunday xushfe’lligi, zukko va dars o‘tishga talabchanligi bois kollejda bo‘lim boshlig‘i vazifasiga tayinlandi. Bu paytda hamkasblariga bor tajribasini o‘rgatdi, yosh o‘qituvchilarga ustozlik qildi. Bunday murabbiylik fazilatlarini kollej direktor o‘rinbosari lavozimiga tayinlanganida yana davom ettirdi.
Kollejda ishlagan davridagi fidoyiligi va kuyunchakligi davlatimiz e’tiboridan ham chetda qolmadi. Inobat opa “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi” unvoniga sazovor bo‘ldi.
Afsuski, o‘lim Inobat opani 2013 yilda oramizdan olib ketdi. Bugun – hamkasbimizning tavallud topgan kuni munosabati bilan ko‘pchilik shogirdlari opaning ruhiga hurmat bildirib, qabrini ziyorat qildilar. Ibodat Kalonovaning ezgu fazilatlari va yaxshi ishlarini eslab, opa bilan bog‘liq voqealarni yodga oldilar.
Yaxshilarning nomi hamisha abadiy, deydi xalqimiz. Ibodat Kalonovaham yaxshi ishlari bilan biz, hamkasblari, shogirdlari va yaqinlari qalbida uzoq saqlanadi.
Ahmadjon Nizomov,
Shohida Shodiyeva.