Zulmatdan nur topayotganlar
Samarqand shahridagi 59-ko‘zi ojiz bolalar uchun ixtisoslashtirilgan “Nurli maskan” maktab-internati 1961 yilda tashkil topgan.
Hozir muassasada 250 nafarga yaqin o‘quvchi ta’lim-tarbiya olish bilan birga, 25 ta fan, sport va madaniy to‘garaklarda ham qatnashmoqda. Mazkur dargohda bo‘lib, ko‘zi ojiz bolalarning qanday ta’lim-tarbiya olayotgani, ularga yaratilgan sharoitlar bilan tanishdik.
- Ko‘zi ojiz insonlarning ko‘ngli juda nozik va ichki hissiyot, tafakkur, eslab qolish qobiliyati juda kuchli, - deydi maktab direktori Abduhalim Meliyev. – Faoliyatim davomida ularning psixologiyasini o‘rganib bunga amin bo‘ldim. Bu xususiyatlar albatta, ularning jamiyatda o‘z o‘rnini topishi uchun qulaylik yaratadi. Ular davlatdan yoki biror kimdan yordam kutmaydi, aksincha, sog‘lom odamlardan ko‘ra hayotga ko‘proq intilib, yangilik istab yashaydi. Shularni hisobga olib, muassasada o‘quvchilarga dars berish uchun ko‘proq ko‘zi ojiz yoki zaif ko‘ruvchi ustoz-murabbiylarni jalb qilganmiz. Chunki ular bir-birini yaxshi tushunadi, o‘quvchilar hech kimga ayta olmaydigan kechinmalarini o‘qituvchilari bilan bo‘lishadi.
Maskanning bir nechta o‘quvchi va o‘qituvchilari fan olimpiadasining respublika bosqichi g‘olibi hamda davlat mukofoti sohibi bo‘lgan. Xususan, 2022 yilda ushbu dargoh bitiruvchilari Sherbek Islomov hamda Rayxona Sharafova fan olimpiadasining respublika bosqichida ona tili va adabiyot fanidan birinchi, Murodjon Polvonov esa matematika fanidan ikkinchi o‘rinni egallagan. Shuningdek, Sherbek Islomov «Mard o‘g‘lon», Mahbuba Halilova esa Zulfiya nomidagi davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan. Maktab o‘qituvchilari Umida Suyunova “Sodiq xizmatlari uchun” medali, Bahriddin Isroilov esa “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlangan.
2023 yilda fan olimpiadasining respublika bosqichida matematika fanidan Odina Shovdirova, tarix fanidan Parvez Qudratillayev birinchi o‘rinni egallagan. Shuningdek, Ganjina Nuriddinova 64 katakli shashka bo‘yicha jahon chempionati sovrindori bo‘lgan, Shehroz Sa’dullayev tarix fanidan respubilka fan olimpiadasida ikkinchi o‘rinni, Ochiloy Mavlonova esa shaxmat bo‘yicha mamlakat chempionatida uchinchi o‘rinni egallagan.
Ona tili va adabiyot fanidan dars beraman, - deydi Zokir Mahammatov. – Maktabimizda o‘quvchilarning bilim olishi, pedagoglarning o‘quv-tarbiya jarayonini olib borishi uchun barcha sharoit yaratilgan. Jumladan, muassasamizda o‘quvchilar uchun bepul yotoqxona, oshxona, oziq-ovqat hamda brayl alifbosidagi adabiyot va kompyuterlar bilan ta’minlangan. O‘quvchi va o‘qituvchilarimiz fan olimpiadalari, sport musobaqalari va turli ko‘rik-tanlovlarda faol ishtirok etib kelmoqda. Shogirdlari fan olimpiadasining respublika bosqichida g‘olib bo‘lgan o‘qituvchilarning maoshiga qo‘shimcha ustama ham tayinlangan.
Internatda ovoz yozish studiyasi ham bo‘lib, maktab o‘quvchilarining aksariyati darsdan bo‘sh vaqt bo‘ldi deguncha, ushbu studiyaga oshiqadi. Jumladan, maktabning 5-sinf o‘quvchisi Jahongir Abduvaliyev maqom va estrada yo‘nalishidagi chiqishlari bilan ijtimoiy tarmoqlarda mashhur bo‘lib ulgurgan. Jahongir kelajakda san’atkor bo‘lishini, hozir she’r mashq qilayotgani va kelgusida ularni qo‘shiq qilib kuylashini aytdi.
Maskanning yana bir o‘quvchisi Bahora Sultunmurodova esa o‘qituvchi bo‘lish orzusi borligini va darsdan bo‘sh vaqtlarida to‘quvchilik va pazandalik sirlarini ham o‘rganayotganini ta’kidladi.
Maktab jamoasi turli tanlovlar, grantlarda ham ishtirok etib, yaxshi natijalarga erishmoqda. Jumladan, grant mablag‘lari hisobidan zamonaviy ovoz yozish studiyasi, kichik sport zali barpo etilgan. Ayniqsa, brayl yozuvidagi kitoblarni nashr qilish, 3D shakldagi o‘quv va sport qurollarini tayyorlash maktabning o‘zida amalga oshirilyapti.
Xullas, Nurli maskanda tahsil olayotgan yigit-qizlar zulmatdan nur topib, hayotda o‘z o‘rniga ega bo‘lish uchun harakat qilmoqda. Ba’zida to‘rt muchasi sog‘ bo‘lib ham hayotdan nolib yurganlarni uchratamiz. Aslida hayotdan nolish emas, sharoitlarni yaxshilash uchun harakat qilish kerak. Odamda xohish bo‘lsa kifoya, imkoniyatlarning chegaralanganligi ahamiyatsiz.
Fazliddin RO‘ZIBOYeV,
Zarnews.uz muxbiri.