Endi qo‘shilgan qiymat solig‘ini 120 kungacha kechiktirib to‘lash mumkin

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 10 fevraldagi “Tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni import qilishda qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilar uchun qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lash muddatini uzaytirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori bilan tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni import qilishda qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilar uchun qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lash muddatini uzaytirish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Qarorga muvofiq,

- Davlat bojxona qo‘mitasi va Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan 2020 yil 1 oktyabrga qadar tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni import qilishda QQS to‘lovchilar uchun QQSni to‘lash muddatini uzaytirish jarayoni avtomatlashtiriladi;

- tovarlarni import qilishda soliq to‘lovchilarga QQS muddatini uzaytirish imkoniyati davlat bojxona xizmati organining qarori bilan beriladi;

- soliq to‘lovchilar reyestri Davlat soliq qo‘mitasi rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi;

- QQSni to‘lash muddatining uzaytirilishi bojxona deklaratsiyasi rasmiylashtirilgan kundan boshlab, 120 kundan oshmasligi kerak;

- qaror bilan tasdiqlangan nizomga ko‘ra, QQSni to‘lash muddatini uzaytirish imkoniyatiga ega bo‘lish uchun soliq to‘lovchi davlat bojxona xizmati organiga ariza va QQS to‘lanishi ta’minlanishini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etadi;

- davlat bojxona xizmati organi QQSni to‘lash muddatini uzaytirish imkoniyatini berish yoki uni rad etish to‘g‘risidagi qarorni 5 ish kunida qabul qiladi;

- muddatni uzaytirish imkoniyati berilishi rad etilganda soliq to‘lovchi 1 ish kuni ichida rad etish sabablari ko‘rsatilgan holda yozma ravishda xabardor qilinadi;

- to‘lov muddatini uzaytirish imkoni berilganda, uning summasi va tugash muddati ko‘rsatiladi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 27 iyundagi “Soliq va bojxona imtiyozlari berilishini yanada tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5755-son farmoni bilan qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lovchisi bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarga tovarlarni olib kirganda, shuningdek, ish (xizmat)larni import qilganda import qilingan tovarlar (ish, xizmatlar) uchun qo‘shilgan qiymat solig‘idan imtiyoz o‘rniga 120 kungacha bo‘lgan muddatga qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lashni kechiktirish mexanizmlaridan foydalanish nazarda tutilgan.

Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmati.