Korrupsiya odamlarda ertangi kunga bo‘lgan ishonchni so‘ndiradi

Korrupsiya jamiyat taraqqiyoti, yurt ravnaqi va xalq farovonligiga rahna soladi. Ma’naviyatini yemirib, milliy qadriyatlarni, odob-axloq normalarini poymol etadi. Fuqarolarda ertangi kunga bo‘lgan ishonchni so‘ndiradi.
Shulardan kelib chiqib, Prezidentimiz 2017 yil yanvarida «Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi qonunni qabul qildi.
Mazkur qonun yurtimizda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishda muhim huquqiy asos vazifasini o‘tamoqda. Qonun korrupsiyaga qarshi chora-tadbirlar samaradorligi va sifatini oshirishga xizmat qilmoqda.
O‘tgan yilning 27 mayida Prezidentimizning «O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilindi. Bu hujjat ana shu xavfli illatga qarshi murosasiz munosabatni yanada kuchaytirish borasidagi vazifalar ko‘lamini kengaytirdi.
Korrupsiyaga qarshi murosasiz kurashish uzluksiz harakat qilishni taqozo etadi. Buni davlatimiz rahbari joriy yil 24 yanvarda Oliy Majlisga Murojaatnomasida g‘oyatda haqli fikrlarni ilgari surgani misolida yaqqol ko‘rish mumkin.
Prezidentimiz ta’kidlaganidek, korrupsiyaga qarshi kurashishda aholining barcha qatlamlari, eng yaxshi mutaxassislar jalb qilinmas ekan, jamiyatimizning barcha a’zolari, ta’bir joiz bo‘lsa, «halollik vaksinasi» bilan emlanmas ekan, o‘z oldimizga qo‘ygan yuksak marralarga erisha olmaymiz. Biz korrupsiyaning oqibatlari bilan kurashishdan uning barvaqt oldini olishga o‘tishimiz kerak.
Murojaatnomada korrupsiyaga qarshi kurashish vazifalari ijrosini tizimli tashkil etish maqsadida, parlament va Prezidentga hisob beradigan, korrupsiyaga qarshi kurashishga mas’ul sanaladigan alohida organ tashkil etish taklif qilindi. Bu ham ushbu xavfli illatga butunlay barham berish uchun hali ko‘p kuch va mehnat sarflashimiz zarurligini ko‘rsatmoqda.
Keyingi davrda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirish borasida bir qator zarur choralar ko‘rildi. Bu haqda to‘xtalayotganimizning sababi shuki, jamiyatning har bir a’zosi qonunlarni, xususan, korrupsiya bilan bog‘liq qilmishning huquqiy oqibatlarini yaxshi bilishi kerak.
Qonunni bilmaslik, uning mazmun-mohiyatidan bexabarlik, tabiiyki, korrupsiya jinoyatini sodir etgan shaxsning jazodan qutulib qolishiga imkon bermaydi. Chunki pora olgan ham, bergan ham, pora olish-berishda vositachilik qilgan ham muqarrar jinoiy javobgarlikka tortiladi. Qonun talabi shunday.
Ma’lumki, davlat organlari xodimlari o‘z vakolatlari doirasida ish olib boradi. O‘z-o‘zidan, ularga jismoniy yoki yuridik shaxslarning ishi tushadi. Bunday chog‘da «yeng ichida» ish bitirish maqsadiga qaratilgan iltimos va takliflar bo‘lmasligi mumkin emas. Korrupsiyani keltirib chiqaruvchi bunday holatlarni bartaraf etish yo‘li «Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi qonunning 26-moddasida belgilab qo‘yilgan.
Mazkur normaga muvofiq, davlat organlari xodimlari ularni korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar sodir etishga ko‘ndirish maqsadida biror-bir shaxs o‘zlariga murojaat etganligiga oid barcha hollar to‘g‘risida, shuningdek, davlat organlarining boshqa xodimlari tomonidan sodir etilgan shunga o‘xshash huquqbuzarliklarning o‘zlariga ma’lum bo‘lib qolgan har qanday faktlari haqida o‘z rahbarini yoxud huquqni muhofaza qiluvchi organlarni xabardor etishi shart. Ushbu majburiyatning davlat organlari xodimlari tomonidan bajarilmasligi qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Jahongir Arslonov,
jinoyat ishlari bo‘yicha Urgut tumani sudi raisi.