Moskva-Buxoro reysida yuqori harorat bilan kelgan 4 yo‘lovchi shifoxonaga olib ketildi

Kecha, 24 mart kuni yarim tunda Rossiya Federatsiyasidan 614-sonli charter reys bilan “Vnukovo - Buxoro” yo‘nalishida uchgan aviareys qabul qilindi.
Samolyot bortida 266 nafar mamlakatimiz fuqarolari favqulodda holatdan kelib chiqqan tartib-qoidalar asosida kutib olindi.
Buxoro hokimligining bergan ma’lumotiga ko‘ra, ularning 202 nafari erkak, 64 nafari ayol va 11 nafari voyaga yetmaganlar. Yo‘lovchilarning 7 nafari nafaqa yoshidagilardan iborat, ularning 4 nafari chet davlatdan deport qilinganlardir.
Tarkibda Buxoro viloyatidan tashqari, Toshkent shahri, shuningdek, Xorazm, Samarqand, Surxondaryo, vodiy viloyatlaridan, qolaversa, Qoraqalpog‘iston respublikasidan yurtdoshlarimiz bor.
Buxoro xalqaro ayeroportida tegishli tartibda karantin me’yorlariga muvofiq qarshi olingan yo‘lovchilar orasidan tana harorati yuqori bo‘lganligi sababli 4 nafar fuqaro viloyat Yuqumlik kasalliklar shifoxonasiga olib borilgan.
Qolgan yo‘lovchilarning har biriga nisbatan tibbiy-profilaktik nuqtai nazardan qattiq nazorat o‘rnatilgan.
Afsuski, aviabortda Vobkent tumanida istiqomat qilgan bir nafar fuqaroning jasadi ham qabul qilingan. Ma’lum bo‘lishicha, Rossiya Federatsiyasiga qatnab, ishlab yurgan bu fuqaro insult kasalligi natijasida chet elda vafot etgan.