Raqamli texnologiya – yashirin iqtisodiyot, korrupsiyaga barham beradi

Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasida tadbirkorlar va hisobchilar uchun elektron hisobvaraq-fakturalar orqali hujjat aylanish tizimi va onlayn nazorat-kassa mashinasi, virtual kassadan foydalanishga bag‘ishlangan o‘quv-seminar tashkil etildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi “Yangi texnologiyalar” ilmiy-axborot markazi mas’ul xodimlari ishtirok etdi.
Seminarda elektron hisobvaraq-fakturalar orqali hujjat aylanishi va onlayn nazorat-kassa mashinasi, virtual kassadan foydalanish amaliy tarzda ko‘rsatib berildi. Raqamli texnologiyalardan foydalanish hech qanday byurokratik to‘siqqa o‘rin qoldirmasligi, aksincha, yashirin iqtisodiyotga barham berishi va korrupsiyaning oldini olishda muhim o‘rin tutishi alohida qayd etildi.
Ta’kidlash lozimki, joriy yil 1 apreldan boshlab barcha turdagi buxgalterlik hisob-kitoblarining elektron hisobvaraq-fakturalar orqali amalga oshirilishi, 1 iyuldan boshlab esa xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarning bu jarayonda qatnashmasligi soliq idoralari tomonidan jarimaga tortilishiga sabab bo‘lishi haqida ma’lumot berildi.
– Seminardan ko‘zlangan asosiy maqsad tadbirkorlik sub’yektlari vakillariga elektron hisobvaraq-fakturalar va onlayn nazorat-kassa mashinasi, virtual kassaning qulayliklari hamda afzalliklari, ulardan foydalanish tartibi xususida atroflicha tushuncha berishdan iborat, – deydi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi “Yangi texnologiyalar” ilmiy-axborot markazi mas’ul xodimi Nodir Muhammadov. – Elektron hisobvaraq-fakturalardan foydalanish qog‘oz va yo‘l kira xarajatlarining qisqarishiga, vaqtni tejashga zamin yaratadi. Shuningdek, ma’lumotlarni operatorlar besh yil, rouming operatorlari esa o‘n yil davomida saqlashi tizimning yana bir qulayligidan dalolat beradi. Bu esa ma’lumotlar xavfsizligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Elektron hisobvaraq-fakturalar hamda onlayn-nazorat kassa mashinasi yoki virtual kassalar tizimidan ko‘zlagan maqsad – har bir ishda soliq to‘lovchilarga yengillik yaratish, tadbirkorlarga yaqin ko‘makchi bo‘lish hisoblanadi. Raqamli iqtisodiyotning amalga joriy etilishi biznes jarayonlari shaffofligiga, tadbirkorlar o‘rtasida barqaror sog‘lom raqobatga erishishni ta’minlaydi.
Davron RAVShANOV,
Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi axborot xizmati rahbari.