Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Arxeologiya instituti Samarqand viloyati hokimligi e’tiborida bo‘ladi

31 mart kuni Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov Samarqand shahridagi Arxeologiya institutiga kelib, muassasa moddiy-texnik bazasi, ilmiy xodimlar tomonidan olib borilayotgan tadqiqotlar bilan yaqindan tanishdi.

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Arxeologiya instituti 1970 yilda Samarqand shahrida tashkil etilgan. Institut insoniyat tarixining tosh asridan o‘rta asrlargacha bo‘lgan keng davrda O‘zbekiston va Markaziy Osiyo hududida rivojlangan qadimiy sivilizatsiyalarning, ilk shaharlar va davlatlarning moddiy va ma’naviy madaniyatini tadqiq etish, davrlashtirish va o‘tmishini tiklash kabi fundamental ilmiy masalalar ustida faoliyat yuritadi.

Institutimiz faoliyatining qisqacha ta’rifi mana shunday.

Ilmiy dargoh tashkil etilgandan keyin o‘tgan yigirma yildan ortiq vaqt mobaynida O‘zbekistonda arxeologiya fani yuksak suratlar bilan rivojlandi. Qadimgi tosh davri, eneolit, neolit davrlari, bronza va ilk temir davri, antik va o‘rta asrlar davri, arxeologik topilmalarni tiklash va konservatsiya qilish yo‘nalishlarida bir qator ilmiy maktablar shakllandi va instituti nafaqat O‘rta Osiyoda, balki sobiq ittifoq miqyosida ham arxeologiya fani sohasidagi peshqadam institutlardan biriga aylandi. O‘zbekiston mustaqilligigacha institutdan to‘rtta akademik, o‘ndan ortiq fan doktori, o‘ttizdan ko‘proq fan nomzodi yetishib chiqdi. Besh nafar olim davlat mukofoti bilan taqdirlandi.

O‘zbekiston mutaqilligi sharoitida, uning dastlabki yillaridanoq tarixning siyosat bilan yaqinlashgan ko‘plab yo‘nalishlari barbod bo‘ldi. Lekin fundamental fan yo‘nalishlari bo‘yicha faoliyat olib borgan Arxeologiya instituti o‘zining ilmiy salohiyati va yo‘nalishlarini to‘la  saqlab qoldi. Deyarli barcha fan sohalari kabi arxeologiya sohasida ham davlat tomonidan moliyalashtirilish keskin qisqarib ketdi, dala tadqiqotlari, ekspeditsiyalarga mablag‘ ajratilishi tamoman to‘xtadi.

Lekin mustaqillik sharofati bilan arxeologiya faniga yana bir yo‘l ochildi – jahonning yirik arxeologiya markazlari O‘zbekistonda Arxeologiya instituti bilan hamkorlikda ishlash istagini bildirdi. Shu tariqa Fransiya, Italiya, Yaponiya, Germaniya, Polsha, Rossiya, AQSh, Xitoy  va boshqa rivojlangan davlatlarning yirik universitetlari, muzeylari va arxeologiya markazlari bilan hamkorlikda yigirmaga yaqin xalqaro ekspeditsiyalar tashkil etildi. Ushbu xalqaro ekspeditsiyalar natijasida O‘zbekistonning qadimgi tosh davridan boshlab o‘rta asrlar davrigacha bo‘lgan davr madaniyati, shaharsozlik madaniyati, davlatchilik, dinlar tarixi,  san’ati va moddiy madaniyatini o‘rganish borasida yirik tadqiqotlar amalga oshirildi. Toshkent vohasidagi Obirahmat g‘ori, Qizilqumdagi Oyoqog‘itma, Afrosiyobdagi qoraxoniylar davri devoriy suratlari majmuasi, Kofirqal’adagi yog‘och pannolarning ochilishi jahonshumul kashfiyotlar bo‘ldi.

2017 yildan boshlab Prezident Shavkat Mirziyoyev sa’y-harakati bilan O‘zbekiston fanida keskin burilish yasaldi, boshqa fanlar kabi arxeologiya fani uchun ham barcha imkoniyatlar paydo bo‘ldi. Mana shunday tadbirlarning biri sifatida 2019 yil 21 sentyabrda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Arxeologik tadqiqotlarni tubdan  takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Bu qaror O‘zbekistonda arxeologiya fanini rivojlantirish borasidagi muhim qadam bo‘ldi. Qarorda Toshkent shahrida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi tizimida Milliy arxeologiya markazini tashkil etish vazifasi ham qo‘yildi. Bu, shubhasiz, O‘zbekistonda arxeologiya fanining rivoji uchun xizmat qiladi. Ammo, bir jihatni yoddan chiqarmaslik lozimki, joriy yilda tashkil etilganligiga 50 yil to‘ladigan, O‘zbekiston tarixi va arxeologiyasi rivojida ulkan xizmat qilgan Fanlar Akademiyasi Arxeologiya instituti markazning yuridik maqomga ham ega bo‘lmagan filiali darajasiga tushirilishini tushunib bo‘lmaydi.

Biz Milliy arxeologiya markazi tashkil etilishiga qarshi emasmiz. Bu markaz O‘zbekistonda ko‘plab universitetlar, muzeylar va boshqa tashkilotlar tomonidan, shu jumladan Arxeologiya instituti tomonidan olib borilayotgan arxeologik tadqiqotlarni muvofiqlashtirib borishi lozim. Buning uchun Samarqandda joylashgan, o‘ndan ortiq xalqaro arxeologik ekspeditsiyalar, yuqori salohiyatga ega mutaxassislar ish olib borayotgan Arxeologiya institutini filial darajasiga tushirish shart emas. Fanlar akademiyasi tizimida Milliy arxeologiya markazi va Arxeologiya institutining birga faoliyat ko‘rsatishi, teng maqomga ega bo‘lishi O‘zbekistonda arxeologiya fanining rivojlanishiga xizmat qilishiga ishonamiz.

Shu jihatdan Erkinjon Turdimovning Arxeologiya instituti viloyat hokimligining doimiy e’tiborida bo‘lishi, viloyatda turizmni rivojlantirishda ham instituti asosiy tashkilotlardan biriga aylanishi haqidagi fikrlaridan boshimiz osmonga yetdi. Shuningdek, viloyat hokimi institut maqomini tiklash, binoni ta’mirlash hamda Samarqandda olib boriladigan arxeologik tadqiqotlarni moliyalashtirishda barcha imkoniyatlarni ishga solishini ta’kidladi.

Amriddin BERDIMURODOV,

Mo‘minxon SAIDOV,

Abdusobir RAIMQULOV.