Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Avtomobillarga "sirena" o‘rnatishga ruxsat berilishi haqidagi xabarlarga munosabat bildirildi

Kecha, 4 dekabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda «2021 yil 1 yanvardan boshlab transport vositalariga maxsus tovushli ishoralar beruvchi moslama "sirena" yoki "migalka" o‘rnatish uchun bir yilga BXMning 50 foizi (1 431 660 so‘m) miqdorida pul to‘lab ruxsatnoma berilishi belgilandi» sarlavhasi ostida yolg‘on xabar tarqalgan. Ushbu xabarga Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi munosabat bildirdi.

Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 24 dekabrdagi qarori bilan tasdiqlangan «Yo‘l harakati qoidalari»ning 3-ilovasi (transport vositalaridan foydalanishni taqiqlovchi shartlar) 7.21-bandiga ko‘ra, transport vositalari o‘zboshimchalik bilan maxsus tovushli ishoralar bilan jihozlangan transport vositalaridan foydalanish taqiqlangan. Shuningdek, transport vositasining tashqi yuzasida belgilangan talablarga mos kelmaydigan maxsus rangli grafik chizmalar, yozuvlar va belgilar bo‘lsa, bunday transport vositalaridan foydalanish taqiqlanadi.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 127-moddasi (transport vositalarining tovush chiqaruvchi, yorituvchi va boshqa qurilmalaridan foydalanish, ularni o‘rnatish qoidalarini buzish) ikkinchi qismiga ko‘ra, tegishli ruxsat olmay turib transport vositalariga tovush chiqaruvchi va yorituvchi maxsus qurilmalarni o‘rnatish, xuddi shuningdek, davlat raqam belgilarini ko‘rish imkoniyatini cheklaydigan, ularni anglashga to‘sqinlik qiladigan turli ashyolar o‘rnatish va qoplama surtish ana shu qurilmalarni musodara qilib, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan uch baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.