Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Bir kunda to‘rt va uch chaqaloqli egizaklar dunyoga keldi

Hayot — bebaho ne’mat. Unda gohida shunday mo‘’jizalar ro‘y beradiki, beixtiyor ko‘ngillar hayrat va quvonchga to‘ladi. Kuni kecha ana shunday mo‘’jizalardan biri ro‘y berdi.

Toshkent viloyatining Bekobod shahrida yashovchi Jo‘rayevlar xonadonida, bir yo‘la 4 nafar egizak farzand dunyoga keldi. O‘tgan yili turmush qurgan Shoira Jo‘rayeva Bekobod shahridagi farmatsevtika zavodida kichik xodim, Bekzod Jo‘rayev esa O‘zbekiston metallurgiya komibinatida injener.

- Quvonchimni, hayajonimni hech qanday so‘z bilan izohlay olmayman, — deydi Shoira Jo‘rayeva. - Dastavval 4 nafar egizak kutayotganimni eshitganimda xursand bo‘ldim, ham qo‘rqdim. Shifokorlardan minnatdorman. Men bilan yelkama-yelka turib, yaqin jigarlaridek g‘amxo‘rlik ko‘rsatishdi. Farzandlarim eson-omon tug‘ilishida yordam berishdi.

Ayolga onalik baxtini hadya etish ham mashaqqatli, ham sharafli. Bu yo‘lda Respublika Perinatal markazida barcha sharoit yaratilgan bo‘lib, xodimlar fidokorlik va jonbozlik ko‘rsatib mehnat qilishmoqda.

Darvoqe, o‘sha kuni yana bir mo‘’jiza ketma-ket yuz berdi. Toshkent shahrida istiqomat qiluvchi Javdat va Umida Mamadiyevlar oilasi 7 yildan buyon farzand kutayotgan edi. Sabrning mevasi sifatida bir emas, 3 nafar farzand, ya’ni bir o‘g‘il va ikki qizaloq ota-ona bag‘rini to‘ldirdi. Umida Mamadiyeva ham Respublika Perinatal markazida rejali ravishda tug‘ruqqa tayyorlandi. To‘liq tarkibdagi guruh ish olib bordi. Hozirda bolalarning ahvoli yaxshi. Ona bolalar parvarishi bilan mashg‘ul.

Ayni paytda chaqaloqlar ham, onalar ham Sog‘liqni saqlash vazirligi nazorati ostida bo‘lib, ularga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatilmoqda.

Sog‘liqni saqlash vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi.