Biz adolat tarafdorimiz!

Kattaqo‘rg‘on shahrida O‘zbekiston “Adolat” SDP viloyat kengashi tashabbusi bilan tashkil etilgan ana shu shior ostidagi “Adolat sayli” tadbirlarida markaziy o‘yingoh keng jamoatchilik vakillari, faxriylar, yoshlar bilan gavjum bo‘ldi.

Sayilda partiyaning viloyat kengashi raisi Muhiba Bobobekova, partiya siyosiy kengashi bo‘lim boshlig‘i Gulruh Agzamova sud-huquq sohasida yig‘ilib qolgan muammolar, fuqarolar huquq va erkinliklarining ishonchli himoyasini ta’minlashda partiya oldida turgan ustuvor vazifalar xususida gapirdi.

- Partiyamizning oliy o‘quv yurtlariga kvotasiz qabul qilish yoki shartnoma to‘lovlarini pasaytirishga doir tashabbusi yoshlarning, ota-onalarning ko‘nglidagi gap, - dedi partiyaning “Yosh deputatlar” klubi a’zosi Shahrizoda Hakimova. - Chunki oliy ma’lumotli bo‘lish har birimizning maqsadimiz.

– Ijtimoiy tarmoqlarda “Adolat” SDP deputatlari tomonidan shifokorlar himoyasiga qaratilgan qonun loyihasini ishlab chiqish bo‘yicha  takliflar bildirilyapti, - deydi Kattaqo‘rg‘on shahar tibbiyot birlashmasi bosh shifokori Sunnatillo Usmonov. – Ular ko‘targan bu masala bugun juda dolzarb. Sayilga mazkur tashabbusni qo‘llab-quvvatlash maqsadida keldim.

Sayil davomida partiya faoliyatiga oid lavhalar, “Yosh adolatchilar” va “Ayollar qanoti” vakillari taqdimotlari, Kattaqo‘rg‘on shahar teatri jamoasining sahna chiqishlari namoyish etildi.

Shuningdek, savol-javob, viktorina o‘yinlari g‘oliblari, faol ishtirokchilarga esdalik sovg‘alari topshirildi. Ayniqsa, “Benom” guruhi taqdim etgan konsert dasturi sayil ishtirokchilariga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.

Lola SAYIDOVA,

“Adolat” SDP Samarqand viloyati kengashi matbuot kotibi.