Byudjet mablag‘lari qanday, qay yo‘nalishda noto‘g‘ri sarflangan?

Shu yil 6 yanvarda zarnews.uz saytida “Samarqandda sog‘liqni saqlash boshqarmasi tizimida 7 milliard so‘mlik byudjet mablag‘lari talon-toroj qilingani aniqlandi” nomli va shu kuni boshqa ijtimoiy tarmoqlarda ham Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Davlat moliyaviy nazorati departamenti va Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan Samarqand viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi hamda uning quyi tizimidagi muassasalarga ajratilgan byudjet mablag‘larining maqsadsiz sarflanishiga oid holatlar haqida maqola chop etildi.
Mazkur qonunbuzilish holatlari yuzasidan Monopoliyaga qarshi kurashish davlat qo‘mitasi viloyat hududiy boshqarmasi, viloyat moliya va viloyat davlat moliyaviy nazorati boshqarmalari quyidagilarni ma’lum qiladi:
I. Monopoliyaga qarshi kurashish davlat qo‘mitasi viloyat hududiy boshqarmasi tomonidan aniqlangan holatlar:
- koronavirus pandemiyasining dastlabki davrida viloyatda koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlar sonining keskin oshib ketishi o‘z navbatida dori-darmon va dizinfeksiya vositalariga bo‘lgan talabning ortishiga olib keldi va natijada narxlarning qimmatlashishiga o‘z ta’sirini ko‘rsatdi.
Byudjet muassasalarida bemorlar ko‘paygani oqibatida ularga zarur dori-darmon va dezinfeksiya vositalarini qisqa muddatlarda yetkazib berish zarurati yuzaga kelgan va shu sababli bu mahsulotlar ta’minotchi korxonalardan tender savdolarisiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri xarid qilingan.
2020 yil avgust oyidan boshlab, kasallikka chalingan bemorlar sonining keskin kamayishi o‘z navbatida dori-darmon vositalariga bo‘lgan talabning hamda narxlarning pasayishiga olib kelgan. O‘rganish natijasida viloyatdagi sog‘liqni saqlash muassasalarida xarid qilingan dori-darmon va dezinfeksiya vositalari narxlarida 5 643,3 million so‘mlik tafovutlar qayd etilgan.
II. Viloyat davlat moliyaviy nazorati boshqarmasi tomonidan aniqlangan holatlar:
- pandemiya davrida xizmat ko‘rsatgan tibbiyot xodimlariga qo‘shimcha haq to‘lashda byudjet tashkilotlari tomonidan me’yoriy hujjatlarni noto‘g‘ri qo‘llanilishi va boshqa holatlar natijasida 1 384,2 million so‘mlik ortiqcha xarajatlarga yo‘l qo‘yilganligi aniqlangan. Jumladan:
– Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 19 martdagi PF-5969-sonli farmoniga asosan viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi tasarrufidagi tibbiyot muassasalari tomonidan koronavirus infeksiyasini davolashda ishtirok etgan tibbiyot xodimlariga ishlagan stavkadan ortiqcha ravishda 130,6 million so‘mlik qo‘shimcha to‘lovlar to‘langan;
– tibbiyot muassasalari tomonidan Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 30 iyuldagi “Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurash, axolining sanitariya-epidemilogik osoyishtaligi va salomatligini saqlashga jalb qilingan tez tibbiy yordam xodimlarini qo‘shimcha moddiy rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi qarori talablariga rioya qilinmasdan tez tibbiy yordam chaqiruv brigadalari tarkibida bo‘lmagan 48 nafar xodim (kichik tibbiy xodimlar, bo‘lim boshliqlari, chaqiriqlarni qabul qiluvchi-uzatuvchi xamshiralar, bo‘lim bekalari va boshqalar)ga 324,5 million so‘mlik moddiy rag‘batlantirish to‘lovlari noto‘g‘ri to‘lab berilgan;
– tibbiyot muassasalari tomonidan xodimlarga karantin tadbirlarida ishtirok etgan davrida ish haqlarini byudjetdan moliyalashtiriladigan barcha vazirlik, idora va muassasa rahbarlariga yuborilgan ko‘rsatma xati talablariga rioya qilinmasligi oqibatida 129,7 million so‘mlik mablag‘ xodimlarga ortiqcha to‘lab yuborilgan;
– tibbiyot muassasalari tomonidan Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 19 martdagi PF-5969-sonli farmoniga binoan “Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish tadbirlariga jalb qilingan tibbiyot, sanitariya-epidemiologiya xizmati va boshqa xodimlarni qo‘shimcha moddiy rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risidagi VAQTINChALIK NIZOM” talablariga amal qilinmasdan 538,8 million so‘mlik mablag‘ boshqa turdagi xarajatlarga maqsadsiz sarflangan.
Shuningdek, tekshirish o‘tkazilgan paytda tibbiyot muassasalarining hisob varag‘ida 260,6 million so‘mlik mablag‘ qoldig‘i mavjudligi aniqlangan.
Aniqlangan ortiqcha to‘lovlar to‘lig‘icha undirilib, jamg‘armaga tiklanishi ta’minlangan.
Samarqand viloyati hokimligi moliya bosh boshqarmasi axborot xizmati.