Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Davlat tilida ish yuritishda qonun talablariga rioya qilish zarur

1989 yilning 21 oktyabrida o‘zbek tiliga davlat tili maqomini berish to‘g‘risidagi qonun qabul qilingan edi. Amalda qo‘llanish jarayonida ushbu qonunning ba’zi moddalarida kamchiliklar va noqulayliklar ko‘zga tashlandi va 1995 yilda ushbu qonunga ayrim o‘zgartirishlar kiritildi. Shundan buyon amalda ushbu qonun asosida barcha davlat hujjatlari va ish qog‘ozlarini o‘zbek tilida olib boryapmiz. Afsuski, qabul qilinganiga 30 yildan ortiq vaqt bo‘lganiga qaramasdan, ushbu qonundan amalda foydalanishda sustkashliklar va kamchiliklar ko‘zga tashlanmoqda.

“Davlat tili haqida”gi Qonunning 9-moddasiga ko‘ra, davlat hokimiyati va boshqaruv organlarida ish davlat tilida yuritilishi zarur. Ammo haligacha ushbu moddaning to‘liq amalda joriy etilmayotgani mamlakatimizning aksariyat fuqarosi, xususan, davlat tashkilotlari mas’ul xodimlari o‘rtasida o‘zbek tili va yozuvi bilan bog‘liq qoidalarni to‘laqonli o‘zlashtira olmayotganini ko‘rsatadi. Achinarlisi shundaki, kishilar o‘rtasidagi til va yozuv bilan bog‘liq savodsizlik bugungi kunda oddiy holga aylanib qolishi bilan bir qatorda, ushbu kamchilik davlat tashkilotlari hujjatlarini yuritishga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Prezidentimiz ta’kidlaganidek, bugun maktab va kollejlarni, hatto oliygohlarni bitirayotgan farzandlarimizning aksariyati xatosiz yoza olmaydi. Ko‘cha-ko‘ydagi e’lon va peshlavhalar, reklama roliklari va boshqa yozuvlardagi kishining ensasini qotiradigan xatoliklar, milliy tilimiz bo‘la turib, boshqa tillarga mansub so‘zlardan pala-partishlik bilan foydalanilayotganligi sohada hali qilinadigan talaygina ishlar borligini ko‘rsatadi.

Shu kabi muammolarni ijobiy hal qilish maqsadida Adliya vazirligi davlat tilida ish yuritishni ta’minlamaganlik uchun mansabdor shaxslarga javobgarlik belgilashni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ishlab chiqdi.

Ayrim davlat tashkilotlarida ish yuritish davlat tilida emas, balki rus tilida olib borilayotganiligi kuzatilmoqda. Bu o‘z navbatida, davlat tiliga bo‘lgan hurmat va e’tiborning pasayishiga olib kelmoqda.

Achinarlisi, qonunchiligimizda davlat tilida ish yuritish normalarini buzganlik uchun javobgarlik belgilanmagan. Xususan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 42-moddasi “Davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish” deb nomlangan bo‘lsa-da, ushbu modda davlat organlari va tashkilotlarida ish yuritishda davlat tili haqidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etmaslik bilan bog‘liq munosabatlarni qamrab olmagan. Bu hol ba’zi davlat organlarida davlat tili to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilmasligiga va ish yuritish davlat tilida amalga oshirilmasligiga olib kelmoqda.

Yuqoridagi kabi salbiy holatlarning oldini olish, davlat tilining nufuzini oshirish maqsadida amalga kiritilishi ko‘zda tutilayotgan ushbu qonun davlat organlari va tashkilotlarida davlat tilida ish yuritishni qat’iy belgilash, ushbu talabga rioya etmagan mansabdor shaxslarni javobgarlikka tortish masalalarini nazarda tutadi.

Qonun loyihasida davlat tashkilotlarida davlat tilida ish yuritishni ta’minlamaganlik uchun mansabdor shaxslarga nisbatan ma’muriy javobgarlik belgilash nazarda tutilib, O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi 42-moddasi ikkinchi qism bilan to‘ldirilmoqda. Ya’ni, ushbu moddaga: “Davlat organlari va tashkilotlarida ish yuritishda davlat tili haqidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etmaslik, mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi”, degan to‘ldirish kiritilmoqda.

 Bir qarashda o‘zbek tili va yozuvi talablariga rioya etmaslik qonunbuzarlik emasdek va ushbu talablarga rioya etmagan jismoniy va yuridik shaxslarni jarimaga tortish adolatsizlikday ko‘rinishi mumkin. Ammo o‘sib kelayotgan yosh avlodning o‘z tili va yozuvini yaxshi bilishi, davlat tiliga muhabbat va mas’uliyat bilan voyaga yetishi, o‘zbek tilida ish yuritish ko‘nikmasini yaxshi o‘zlashtirishi uchun, avvalo ularga o‘zimiz o‘rnak bo‘lishimiz va amalda qo‘llanilayotgan yozishma va hujjatlarda ushbu qonun bandlarining buzilmasligini ta’minlashimiz kerak.

Amaliyotda har qanday qabul qilingan qonunlarni hayotga tatbiq etishda uning me’yorlari buzilishi ham kuzatiladi. Qonun chiqaruvchi organlar shuni e’tiborga olib, qonun bandlarining buzilish holatlarini nazarda tutadi va qonunlarga qo‘shimcha boblar kiritadi, buzilish holatlariga nisbatan ma’muriy yoki jinoiy javobgarliklarni belgilaydi.

Garchi, “Davlat tili to‘g‘risida”gi qonunda ham bu nazarda tutilgan bo‘lsa-da, mavjud 42-moddaning amalga tatbiq etilishi nazorat qilinmagan. Shuni hisobga olib, ushbu qonundagi kodeksga kiritilayotgan o‘zgarish xalqimizning, xususan, biz, o‘qituvchilarning ayni ko‘nglimizdagi ish bo‘ladi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.

Ushbu Qonun davlat organlari, korxonalari va tashkilotlarida ish yuritishning to‘liq ravishda davlat tilida amalga oshirilishi, mansabdor shaxslarning mas’uliyati his etishi, muhimi, davlat tilining rivojlanishiga xizmat qiladi.

Feruza TOG‘AYeVA,

Ishtixon tumani 1-IDUM ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi, xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati.