Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Davlat xizmatlari markazi aholiga qanday qulaylik yaratyapti?

Mamlakatimizda aholiga ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimi izchil takomillashib, sifatli, tezkor, shaffof davlat xizmatlari ko‘rsatilib kelinmoqda.

Shu o‘rinda tahlillarga nazar tashlaydigan bo‘lsak, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 12 dekabrdagi qarori bilan faoliyati yo‘lga qo‘yilgan dastlabki vaqtda 33 turdagi davlat xizmatlari ko‘rsatilgan bo‘lsa, bir yil ichida xizmat turlari 100 taga yetdi. Bugungi kunga kelib, joylarda 120 dan ortiq turdagi davlat xizmatlari ko‘rsatilmoqda.

Tuman va shahar davlat xizmatlari markazlari tomonidan 2018 yilda aholiga 478 mingdan ortiq davlat xizmatlari ko‘rsatilgan bo‘lsa, 2019 yilda ushbu ko‘rsatkich 1 million 126 ming 688 tani tashkil etdi. Shundan, 28 440 ta (9184 mingdan ortiq yuridik, 19151 ta yakka tartibdagi va 105 ta xorijiy investitsiya ishtirokidagi korxona) tadbirkorlik sub’yekti davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Murojaatchilarga barcha qulayliklar yaratiladi

Davlat xizmatlari ko‘rsatishda aholiga qulaylik yaratish maqsadida Nurobod tumani markazidan 130 kilometr uzoqlikda joylashgan Sahoba, Qo‘shrabot tumani markazidan 120 kilometr uzoqlikda joylashgan Jombuloq mahallalarida davlat xizmatlari markazlarining filiallari tashkil etildi. Haftaning seshanba va juma kunlari ishlaydigan bu filiallarda 2019 yil davomida fuqarolarga 2093 dan ortiq davlat xizmatlari ko‘rsatildi.

Ma’lumot o‘rnida, 2019 yilda Nurobod, Paxtachi, Qo‘shrabot va Samarqand tumanlarida Davlat xizmatlari markazlari yangi binolarda ish boshladi. (Qolgan tuman (shahar) Davlat xizmatlari markazlari yangi binolarining qurilish ishlari davom etmoqda.) Ushbu zamonaviy, innovatsion markazlarda murojaatchilar uchun barcha qulaylik yaratilgan: monitorlarda davlat xizmatlari markazlari tomonidan taqdim etilayotgan xizmat turlari haqida ma’lumotlar berib boriladi, elektron navbat tizimi yo‘lga qo‘yilgan.

Shuningdek, mazkur binolarda tuman notariusi, Adliya va FHDYo bo‘limlari, Xalq qabulxonasi joylashtirilgan. Qolaversa, bolalar xonasi, investorlar uchun maxsus jihozlangan xona, tibbiyot xonasi hamda bank kassalari xizmat ko‘rsatadi.

 

Xizmatlar soni, sifati va salmog‘i oshirilmoqda

O‘tgan yilda Past Darg‘om tumani Davlat xizmatlari markazida tajriba tariqasida milliy haydovchilik guvohnomalarini yangi namunadagisiga almashtirish xizmat turi joriy etildi.

Bundan tashqari, barcha texnik vositalar bilan jihozlangan maxsus avtobus hamda tuman, shahar Davlat xizmatlari markazlarining “Damas” rusumli avtomashinalarida olis mahallalarda 36607 nafar fuqarolarga sayyor tartibda davlat xizmatlari ko‘rsatildi.

2019 yil mart oyidan boshlab tadbirkorlar uchun bank hisobraqamini masofadan turib ochish imkoniyati yaratildi. Bunda tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tgan fuqarolar o‘ziga ma’qul bankni tanlaydi va 5 daqiqa ichida bank hisobraqamini ochadi. Buning uchun Davlat xizmatlari markaziga tashrif buyurish yoki fo.birdarcha.uz orqali elektron xizmatdan foydalanish mumkin.

2019 yil 1 apreldan boshlab jismoniy va yuridik shaxslar davlat xizmatlarini eksterritorial tamoyil bo‘yicha olishi belgilandi. Ya’ni, fuqarolar doimiy (vaqtincha) ro‘yxatdan o‘tgan joyidan va yuridik shaxslar pochta manzilidan (joylashgan yeridan) qat’iy nazar istalgan hududdagi Davlat xizmatlari markazlariga murojaat qilish imkoniyatiga ega bo‘lishdi. Bu xizmat barcha xizmat turlari uchun tashkil etilgan.

Masalan, respublikamizning istalgan shahrida faoliyat yuritishni maqsad qilgan tadbirkor o‘z yashash hududidagi markazlar orqali ro‘yxatdan o‘tishi mumkin. Ular faqat firmalarni ro‘yxatdan o‘tkazish sohasiga tatbiq etilmaydi. Istalgan DXM orqali ko‘rsatiladigan aksariyat xizmatlardan shu tariqa foydalanish mumkin.

Qonunbuzilishiga yo‘l qo‘yilmaydi

2019 yilda boshqarma mas’ul xodimlari tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlarda davlat xizmatlari ko‘rsatuvchi vakolatli organlar va boshqa tashkilotlar tomonidan 23 mingdan ortiq qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘yilganligi aniqlangan. Oqibatda vakolatli organlarning 238 nafar rahbarlari va mas’ul xodimlari boshqarma tomonidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 215-5-moddasiga asosan ma’muriy javobgarlikka tortildi. Kiritilgan 40 ta taqdimnoma natijasida 43 nafar xodim intizomiy javobgarlikka tortilib, vakolatli organlarga 225 ta rasmiy ogohnomalar kiritilgan.

Islom NARZULLAYeV,

Davlat xizmatlari agentligi Samarqand viloyati boshqarmasi bosh maslahatchisi.