Dini va e’tiqodini o‘zgartirgan odam yolg‘izlik, jamiyatdan uzilish azobini tortadi

Yaqinda aholi, ayniqsa, yoshlarni missionerlik va prozelitizm ta’siridan himoyalash masalasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda viloyat hokimi E.Turdimov mafkuraviy tahdidlar, jumladan, “Iyegova shohidlari” guruhining ochiqdan-ochiq ta’qiblari, xatti-harakatlarining ayanchli oqibatlariga to‘xtalib, keng jamoatchilikni, ayniqsa, mahalla faollari, deputatlar va siyosiy partiyalar vakillarini ushbu masalaga e’tiborli, ogoh bo‘lishi lozimligini ta’kidladi.

Viloyatimizda faoliyat yuritayotgan milliy-madaniy markazlar mutasaddilari, ayrim mutaxassislar bilan shu masalada fikrlashdik.

Gulnoza SULTONOVA, Samarqand davlat universiteti o‘qituvchisi:

-  Har qanday oqim, guruhbozlik va aqidaparastlikning zamirida savodsizlik yotadi. “Iyegova shohidlari” kabi guruhlar yuzlab insonlarning manfaati va ehtiyojlarini bo‘g‘ish hisobiga kimlarningdir manfaatlariga xizmat qiladi. Bu o‘z navbatida, jamiyatdagi nomuvozanatlilikni kuchaytiradi, yagona ezgu g‘oya asosida harakat qilishga xalaqit beradi.  Yoshlarni bunday zararli oqim va ta’limotlardan himoyalashning asosiy omili mafkuraviy immunitetni kuchaytirish bilan bog‘liq. Ya’ni, turli mafkuraviy xurujlar avj olayotgan bugungi davrda ajdodlar ma’naviy merosini o‘rganish, ulardagi ezgu g‘oya va ta’limotlarni keng xalq ommasiga yetkazish, shu orqali yoshlarda milliy g‘urur, bunyodkorlik, Vatanga muhabbat tuyg‘ularini shakllantirish, ularni milliy va diniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash lozim.

Akbar MAHMUDOV, Respublika tojik milliy-madaniy markazi viloyat bo‘limi raisi:

-  O‘zbekistondagi diniy va millatlararo totuvlikni saqlashga doir yuksak insonparvarlik siyosati, barqarorlik, o‘zaro hurmat, hamjihatlik va bag‘rikenglik, mehr-oqibatlilik muhiti ko‘plab mamlakatlarga namuna bo‘lishga arziydi. Afsuski, bunday imkoniyatdan o‘zining buzg‘unchi g‘oyalarini targ‘ib etishda foydalanayotgan kishilar ham uchrayapti. Ayrim guruhlar yaratilgan sharoitlardan shukronalik keltirish o‘rniga missionerga aylanib, ko‘p millatli xalqimizning birdamligiga tahdid qilishmoqda. Jumladan, “Iyegova shohidlari” tashkiloti yurtdoshlarimizning ongini zaharlab, ko‘r-ko‘rona o‘zlarining mafkurasini singdirishga urinishi na diniy, na axloqiy me’yorlarga to‘g‘ri keladi. Chunki bizning azaliy qadriyatlarimiz va e’tiqodimizga bunday g‘oya va ta’limotlar yot hisoblanadi.

Axmed TURSUNOV, Respublika tatar va boshqird milliy-madaniy markazi viloyat bo‘limi raisi:

- 12 yildan buyon mazkur markazga rahbarlik qilaman va har qanday tadbir, anjumanda o‘zimiz qatori boshqa millat vakillari ham qatnashadi. Bizda “Sabanto‘y” milliy bayramimizda koreys, arman, rus, o‘zbek va boshqa millat vakillari faol ishtirok etadi. Shuning o‘ziyoq bizda millatlararo totuvlik nechog‘li barqaror ekanligidan dalolat. “Iyegova shohidlari” kabi guruhlarning noqonuniy xatti-harakatlari esa shu zaminda yashayotgan, biz, turli millat vakillarining e’tiqod erkinligi, do‘stona munosabatlarimizga tahdid solishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak.

Vyacheslav Cherepanov, Respublika rus milliy-madaniy markazi viloyat bo‘limi raisi:

- “Iyegova shohidlari” tarqatayotgan g‘oyalar ahil-inoq, do‘stona munosabatlarda yashayotgan xalqimiz uchun zararli, deb hisoblayman. Chunki bu tashkilot markazi joylashgan mamlakatda ham uning faoliyati cheklangan. Millatlar, dinlar o‘rtasida nizo uyg‘otuvchi bunday tashkilotlardan biz ham mustahkam himoyalanishimiz zarur.

Zarif DAVRONOV, tadbirkor:

-  Missionerlarning ayyorona g‘oyalariga ergashib, tinch bir oila parokanda bo‘ldi. “Iyegova shohidlari”ning yolg‘on va’dasiga uchgan, o‘z dini va e’tiqodini o‘zgartirgan oila boshlig‘i yolg‘izlanib, jamiyatdan uzilib qoldi. Agar muqaddas qadriyatlar jamlangan oilamizni asramoqchi bo‘lsak, irodamizni mustahkamlashimiz, har xil missionerlik harakatlaridan ogoh bo‘lishimiz shart.

Nasiba SALIMOVA, uy bekasi:

-  Bugun “ommaviy madaniyat” niqobi ostida ko‘r-ko‘rona tahdidlar bo‘layotganini, har xil diniy oqim va missionerlik harakatlari avj olayotganini bola tarbiyalayotgan onalar jiddiy his etmog‘i kerak. “Iyegova shohidlari” kabi guruhlarning asl qiyofasini ochib beruvchi davra suhbatlari, muloqotlarni mahallalar, ta’lim muassasalarida ko‘proq tashkil etish lozim.

B.RAHMONOV yozib oldi.