“Huquqiy yordam avtobusi” yo‘lovchilari"ning dardi tinglandi
Samarqandda zo‘ravonlikka uchragan xotin-qizlarga psixologik va huquqiy yordam ko‘rsatish maqsadida tadbir tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) tomonidan tashkil etilgan mazkur tadbir Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzuridagi ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish viloyat hududiy markazida o‘tkazildi.
Hozirda ushbu markazda 12 nafar ayol va ularning 24 nafar farzandi yashamoqda. Ularning ayrimlari davolanish jarayonida bo‘lsa, boshqalari ish bilan ta’minlangan, o‘z hayotini izga tushirishga intilmoqda. Ayollarning ba’zilari ushbu markazda tashkil etilgan sharoitlardan unumli foydalangan holda kasb-hunar o‘rganmoqda.
- Mamlakatimizda xotin-qizlarning haq-huquqlari qonuniy tarzda mustahkamlab qo‘yilgan, - dedi uchrashuvda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili Otabek Toshniyozov. – Ushbu markazda yashash davomida sizlar uchun garchi barcha shart-sharoitlar yaratilgan bo‘lsa-da, ammo uyingizda qolgan muammolar bor. Qolaversa, farzandlar alimenti, zo‘ravonlik asoratlari, keyingi yashash manzilingiz bilan bog‘liq muammolar bo‘lishi tabiiy. Uchrashuvda mana shu masalalarni huquqiy hal etish maqsadida sizlar bilan ochiq suhbatlashmoqchimiz.
Ishtirokchilar uchun ta’lim olish, ishga joylashish, tadbirkorlik faoliyatini boshlash va uy-joy masalalari bo‘yicha mavjud imkoniyatlar haqida batafsil tushuncha berildi. Xususan, Samarqand shahri hokimi o‘rinbosari, oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i R.Toshniyozova, viloyat ichki ishlar boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i N.Yodgorova va boshqa mutasaddilar o‘zlariga tegishli masalalar bo‘yicha zo‘ravonlikka uchragan xotin-qizlarga yordamlar ko‘rsatildi, tegishli tavsiyalarni berildi.