Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Erkinjon Turdimov: ​​O‘ktam Barnoyev Samarqandning fidoyi, sadoqatli farzandiga aylangandi

Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari O‘ktam Barnoyevning vpfoti munosabati bilan hokimlik telegram kanalida o‘z qalb kechinmalarini bayon etdi.

- Yaqin kunlargacha davlatimiz rahbari g‘oyalarini amalga oshirish uchun fidokorona faoliyat ko‘rsatib turgan, bosh vazir o‘rinbosari sifatida viloyatimizga kelib, yerdan unumli foydalanish, eksportbop qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ko‘paytirish, ularni saqlash, qayta ishlash, dehqonchilik madaniyatini oshirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha loyihalarimizni o‘rganib, sohani rivojlantirish uchun qimmatli yordam va maslahatlar bergan insonni yo‘qotish oson emas, - deb yozadi E.Turdimov. - Bundan tashqari, 20 yil davomida bir safda ishlash jarayonida bir-birimizdan o‘rganib, yaqin do‘st, maslakdosh bo‘lib qolgandik. 

O‘ktam Barnoyevning bevaqt vafoti O‘zbekiston xalqi, xususan, samarqandliklar uchun juda og‘ir judolik bo‘ldi. Negaki, bu inson murakkab sharoitda, Samarqand viloyati hokimi bo‘lib ishlaganida bu ko‘hna yurtning fidoyi, sadoqatli farzandiga aylanib ulgurgan edi. Oddiyligi, halolligi va tashabbuskorligi bilan odamlar mehrini qozondi. Viloyatda, xususan, Samarqand shahrida juda ko‘p ibratli ishlarni amalga oshirdi. 

O‘ktam Isayevich O‘zbekiston qishloq xo‘jaligining chinakam bilimdoni va fidoyisi edi. U kishining tashabbusi va sa’y-harakati bilan Buxoro va Samarqandda, hatto boshqa viloyatlarda boshlangan ibratli tajribalar samarasini berayotir. Bu inson mamlakatdagi barcha rahbar xodimlar o‘rtasida ham katta salohiyatga va hurmatga sazovor edi. 

Men do‘stim va ko‘pyillik birodarim, jonkuyar hamkasbim O‘ktam Isavich Barnoyevning bevaqt vafoti munosabati bilan ushbu qayg‘uli kunlarda barcha samarqandliklar va shaxsan o‘z nomimdan marhumning oila a’zolari, qarindoshlariga, buxoroliklarga, respublika jamoatchiligiga chuqur ta’ziya izhor qilaman.

O‘ktam Isayevichning nomi, respublika mustaqilligini mustahkamlash yo‘lida qilgan yaxshi ishlari, qoldirgan ibratli fazilatlari qatorida qalbimizda doimo abadiy yashaydi.