Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Erkinjon TURDIMOV: Tadbirkorlik qilaman, degan har bir kishini qo‘llab-quvvatlashimiz kerak

Avval xabar qilganimizdek, bugun - 22 fevral kuni viloyat hokimi Erkinjon Turdimov Bulung‘ur tumanida aholi uchun sayyor qabul o‘tkazdi.

Qabul davomida fuqarolar tomonidan 250 ga yaqin turli mazmundagi murojaatlar tushdi. E’tiborlisi, ularning 200 ga yaqini avvalgilardan farqli ravishda shaxsiy masala emas, qishloq, mahalla, hudud yoki jamoa manfaatini ko‘zlagan murojaatlar bo‘ldi. Masalan, Oqtosh mahallasi faoli Qahramon Ismoilov Bulung‘ur tumani markazidan 30 kilometr olisdagi Sho‘rbedana qishlog‘iga kiruvchi 6 kilometr yo‘lning o‘ta ta’mirtalab bo‘lib qolgani, Lalmikor mahallasi raisi Raimqul G‘afforov aholi salomatligini saqlashda muammo bo‘layotgani, shuning uchun «G‘o‘bdin» qishloq vrachlik punktiga bitta tez tibbiy yordam mashinasi ajratilishi, Do‘stlik mahallasida yashovchi Ra’no Anorova, Sayyora Doniyorovalar tovuq boqish, issiqxona qurishda aholiga ko‘mak zarurligi haqida murojaat qilishdi.

Bu aholining sayyor qabul nega o‘tkazilishi, uning mohiyati nimadaligini anglayotganidan dalolat.

O‘z navbatida bu kabi murojaatlarning aksariyati joyida hal etildi, ayrimlariga tegishli mas’ullar tomonidan qonuniy tushuntirishlar berildi, hal etilishi kerak bo‘lgan ishlarni bajarish uchun  mutasaddilarga ko‘rsatma va topshiriqlar berildi. 

- Odamlarimizning elektr energiyasi ta’minotini yaxshilash, ichki yo‘llarni ta’mirlash, tadbirkorlik faoliyatini yuritish yoki kengaytirish uchun sharoit yaratish, kredit ajratish haqidagi murojaatlari, takliflari zamirida mehnat qilish, qo‘shimcha daromad topish va albatta yaxshi yashash maqsadi yotibdi, - dedi E.Turdimov. - Axir qishloqda svet bo‘lmasa, ichimlik suvi ta’minotida muammo bo‘lsa, yo‘llardan texnika tugul odam yura olmasa, bunday joyda tadbirkorlik qilib bo‘ladimi? Shuning uchun har rahbar, har bir mutasaddi idora xodimi fuqarolarga tadbirkorlik qilish uchun eng oddiy, ammo eng zarur infratuzilmani yaratib berishga, ularni qo‘llab-quvvatlashga mas’ul ekanini his etishi kerak.

Sayyor qabul davomida Davlat xizmatlari  agentligi viloyat boshqarmasi mas’ul xodimlari hamda Bulung‘ur tuman davlat xizmatlari markazi mutaxassislari tomonidan aholiga sayyor tartibda mobil avtobusda davlat xizmatlari ham ko‘rsatildi.

Akram Bo‘riyev.