Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Ertadan svet va gazga to‘lov qay tartibda hisoblanadi, oshirilgan narxdami yoki eski narxda?

Esingizda bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 1 noyabrdagi «Yoqilg‘i-energetika resurslarining narx va tariflarini bosqichma-bosqich o‘zgartirish to‘g‘risida»gi №897-sonli qaroriga muvofiq 2019 yil 1 iyundan boshlab tabiiy va suyultirilgan gaz va elektr energiyasi uchun narxlar oshirilishi nazarda tutilgan edi. Chunonchi, maishiy iste’molchilar uchun 1 metr kub tabiiy gazning narxi hozirgi 320 so‘mdan 350 so‘mgacha, elektr energiyasining 1 kilovatti hozirgi 250 so‘mdan 280 so‘mgacha oshishi kerak edi.

Kuni kecha Moliya vazirligi matbuot xizmati 1 iyundan gaz va svet oshmasligi haqida xabar tarqatdi. 

Xabarda jumladan Moliya vazirligining: «Tabiiy gaz va elektr energiyasiga belgilangan narxlar oshiriladi, lekin 1 iyundan emas. Biz narx oshirilishini vaqtincha to‘xtatib qo‘ydik», — degan gaplari keltirilgan edi.

Bugun tumanlardan xabar berishlaricha, elektr energiyasi uchun oshirilgan narxlar haqidagi e’lonlar ETK idoralarida ilib qo‘yilgan joylarida turibdi. Shu masalani o‘rgangan maxsus muxbirimizning ma’lum qilishicha, u Urgut tuman ETK ga borib bu haqda xodimlardan izoh so‘raganida ular "Moliya vazirligining bu buyrug‘i rasmiy OAV e’lon qilingach kuchga kiradi. Shuning uchun rasmiy e’lon bo‘lmaguncha yoki yuqoridan buyruq bo‘lmaguncha biz oshirilgan narxlar to‘g‘risidagi  e’lonlarni olib qo‘ya olmaymiz" deb javob bergan.

Muxbirimizning "Agar bugun siz nazarda tutgan rasmiy xabar e’lon qilinmasa yoki yuqori tashkilotlaringdan sizlarga buyruq bo‘lmasa ertaga pul to‘lash uchun keladigan iste’molchilardan oshirilgan narxda pul olinadimi?” deb bergan savoliga xodimlardan biri "ha" deb javob bergan.

Urgut tuman ETK rahbari esa oshirilgan narxda olingan pullar narxlar oshirilmasligi haqida rasmiy buyruq olingandan so‘ng qayta hisoblanib iste’molchilarga qaytarilishi haqida ma’lum qildi.

Bu masalani yanada aniqroq bilish maqsadida viloyat ETK rahbar xodimlardan biriga qilgan qo‘ng‘irog‘imiz besamar bo‘ldi, u qo‘ng‘iroqqa javob bermadi.

Shundan so‘ng muxbirimiz Urgut tuman MIB xizmati xodimlaridan biri bilan bog‘lanib, undan ertaga iste’molchilardan sarflangan elektr energiya haqqi qay tartibda undirilishi haqida so‘raganda u hozircha ertaga qanday narxda pul undirishini bilmasligini va uning qo‘lidagi apparat ertaga narx oshiriladigan bo‘lsa avtomatik tarzda oshirilgan narxda, agar narxlar oshirilmasa eski narxda chek chiqarishini ma’lum qildi.

"Ertaga ertalab aniq bo‘ladi" deb qo‘shimcha qilgan u.

Biz vaziyatni kuzatishda davom etamiz va ertaga elektr energiyasi uchun MIB xizmatchilari va tuman ETK tomonidan qanday narxlarda pul undirilayotgani haqida yangi ma’lumotlar beramiz. Hozircha narxlarning oshgani ham, oshmagani ham noma’lum.