Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Farg‘onada mast haydovchi boshqaruvidagi mashina 6 nafar yo‘lovchisi bilan ag‘darilib ketdi

Joriy yilning 2 noyabr kuni soat taxminan 23:45 larda Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumanida mast holdagi haydovchi M.A. tomonidan tegishli hujjatlarsiz boshqarilgan «VAZ 2106» rusumli avtomashina ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan. Bu haqda tergov departamenti ma’lum qildi.

Haydovchi boshqaruvni yo‘qotishi natijasida avtomashina Ravnaq ko‘chasidagi ko‘prik yonida yo‘lning o‘ng chekkasidagi beton to‘siqqa urilib, 6 nafar yo‘lovchilari bilan ag‘darilgan.

Buning oqibatida bir nafar yo‘lovchi vafot etgan, haydovchi va qolganlar esa turli darajada tan jarohatlari olib, shifoxonaga yotqizilgan.

Mazkur holat yuzasidan Qo‘shtepa tuman IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish oqibatida odam o‘lishiga sabab bo‘lsa) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda dastlabki tergov davom etmoqda.