Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Guruch kurmaksiz va toshsiz bo‘lmas ekan

Karantin. Har kun ertadan kechgacha qaysidir ish bilan mashg‘ul bo‘luvchi dunyo aholisi uchun bu juda ham og‘ir sinov. Go‘yoki qanotlar qirqilib, qafasga solib qo‘yilgandek.

Ammo har ishda bir hikmat bor, deganlaridek bugungi kunimiz, ya’ni o‘zimizni uyda asrashimish nafaqat o‘zimizni, balki yaqinlarimizni, tanishlarimizni, mahalladoshlarimizni, qo‘yingki, butun O‘zbekistonni asrash demakdir. Aksincha bo‘lsa-chi?..

Aksincha bo‘lsa, ya’ni biz karantin talablariga bee’tibor bo‘lsak, karantin davri cho‘ziladi. Jamg‘armangizdagi mablag‘ning esa tagi ko‘rina boshlaydi. Korxonalar esa ish boshlashining imkoni yo‘q. Korxonada ish bo‘lmasa (xususiy korxonalar), ichki nizomidan kelib chiqib maosh ajratadi. Daromad bo‘lmagan joyda buromad ham bo‘lmasligi shu joyda o‘z isbotini ko‘rsatadi...

Balki xorijda kimingizdir ishlab, sizga pul yuborib turgandir. Endi ular ham karantinda. Vaziyatingiz birinchi holatdagi kishinikidan kam emas. Endi nima qilish kerak?

"Avval iqtisod, keyin siyosat" degan ibora ayni kunlarda o‘z kuchini yo‘qotdi hisob. Negaki, iqtisodi butun dunyoni o‘ziga ohanrabo misoli tortib turgan davlatlar holidan xabardormiz. Qanchalar  katta mablag‘ ajratmasin ko‘rinmas dushman oldida ojiz qolishmoqda. Nega? Negaki, ular hamma narsani pulga sotib olish mumkin, degan aqidani xush ko‘ruvchilar. Ammo mehr, oqibat, birdamlik hech qachon sotilmasligini bilishmaydi (balki endi anglab ham olishgandir). Bizning yutug‘imiz ana shu sotilmaydigan bebaho boylikka egaligimizda. Ammo...

Ammo guruch kurmaksiz bo‘lmaydi. Besh kilogramm kartoshkaga ega bo‘lish uchun o‘zini ham, boshqalarni ham ayamayotganlarni ko‘rdik. Shaharda viqor bilan avtomashinasida yurishni istaganlarning soxta stikerlar olish ilinjidagi urinishlariga ham guvohmiz. Kam ta’minlangan oila sifatida, iqtisodi yetarli bo‘lsa-da mahalla raisiga sim qoqqanlarni ham eshitdik. Bundaylarni aslida guruchda kurmak emas, tosh desak haqiqatga yaqinroq bo‘ladi. Kishi oshdan tosh chiqqanida qanday ijirg‘ansa, bugun jamiyat ham ulardan shunday ijirg‘anadi... Lekin bu ularga nisbatan jazo emas. Jazo bu - bugungi holatning cho‘zilishi. Bee’tiborlar dastidan ko‘rinmas dushmanning urchishi.

Bugungi karantin holatimizda o‘shanday xatoliklarga yo‘l qo‘ymasakkina karantinni ertaroq yakunlaymiz.

Uyda qoling va davlatimiz olib borayotgan oqilona siyosatga ko‘makchi bo‘ling!

Asliddin Mustafoyev.