Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Har bir muammoning yechimi bor. Buning uchun, avvalo, mutasaddilar aholining muammolarini, dardlarini eshitishi lozim

Avval xabar berganimizdek, Samarqand viloyati hokimi E.Turdimovning navbatdagi sayyor qabuli Paxtachi tumanining Qarnabota mahalla fuqarolar yig‘ini hududida o‘tkazildi.

Qabul davomida 50 nafardan ortiq fuqaro murojaati tinglandi. Shuningdek, viloyat hokimi va mutasaddi idoralar rahbarlari qishloqdagi ta’lim va tibbiyot muassasalari, aholi xonadonlariga borib, ularning ish faoliyati, yashash tarzi bilan tanishdi.

Qabul va suhbatlar davomida qayd etilgan muammolarni tezda hal etish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar belgilandi. Jumladan, tuman markazidan Qarnabota qishlog‘igacha bo‘lgan 30 kilometr yo‘l 2020 yilning birinchi yarmiga qadar mukammal ta’mirlanadigan bo‘ldi. Joriy yilning oktyabr oyi yakuniga qadar 18 kilometr toza ichimlik suvi tarmog‘i tortilishini yakunlab, aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash, yil yakuniga qadar hududdagi 45-umumta’lim maktabi va 8-maktabgacha ta’lim tashkilotini, bir oy muddat ichida uzoq vaqt foydalanilmay kelingan sport zali ob’yektlarini to‘liq ta’mirlash, barcha zaruriy jihozlar bilan ta’minlash, sport to‘garaklarini tashkil etish masalalari bo‘yicha aniq choralar belgilab olindi.

Shu bilan birga, qishloqning chekka hududlarida yashovchi aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida 1 ta suv tashuvchi maxsus texnika ajratilishi, mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi barcha fuqarolarni chuqurlashtirilgan tibbiy-ko‘rikdan o‘tkazish borasidagi ishlar boshlab yuborildi.

– Har bir muammoning yechimi bor. Buning uchun mutasaddilar xalqning oldiga rahbar sifatida emas, oddiy fuqaro sifatida kelib, ularning muammolarini, dardlarini eshitishi lozim, - dedi viloyat hokimi. – Masalan, qishloqdagi maktab qurilganiga 40 yil bo‘libdi, lekin shu paytgacha ta’mirlanmagan, uning moddiy-texnik bazasi hech kimni qiziqtirmagan. Bog‘chadagi ahvol ham bugungi kun talablariga to‘g‘ri kelmaydi. Odamlar biz chekka qishloqda yashaymiz, e’tibordan ham chetdamiz, deb ertangi kunga umidi, ishonchi so‘nib boravergan. Hech kim shu qishloqni ham obod qilaylik, aholi uchun munosib turmush sharoiti yarataylik, deb tashabbus ko‘rsatmagan.

Qarnabotadagi uchrashuvdan so‘ng hududdagi ta’lim muassasalari va boshqa ob’yektlarni ta’mirlash uchun 1 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. Bu ushbu hududni obod qilish borasidagi harakatlarimizning boshlanishi va kelgusida amaliy ishlarimiz izchil davom ettiriladi.

Sayyor qabuldan so‘ng viloyat hokimi va rahbarlar uyma-uy yurib, aholi muammolarini o‘rgandi. Jumladan, II guruh nogironi Oysha Rajabova yolg‘iz yashaydi, uyi ta’mirtalab bo‘lsa-da ta’mirlash uchun moddiy imkoni yo‘q. E.Turdimov Paxtachi tumani hokimligiga shu kunning o‘zida O.Rajabovaning uyini ta’mirlashni boshlash uchun ko‘rsatma berdi. Shuningdek, Qarnabota mahallasida yashovchi kam ta’minlangan oila – Muhiddin Meyliyevning uyi tom qismi ham yopib beriladigan bo‘ldi.

– Yoshim 57 da, yolg‘iz yashayman, – deydi Oysha Rajabova. – Ustiga-ustak qish yaqinlashaversa, tashvishga tushib qolardik. Sababi, uyimiz sovuq, tomdan suv o‘tadi. Nafaqam hamda mahalladan beriladigan yordam puli hech narsaga yetmagach, qiynalib qolaman. Umidlarim birin-ketin so‘na boshlagan paytda bugungi yordam, xonadonimni ta’mirlash, hovlimni tartibga keltirish borasidagi xayrli ishdan xursand bo‘ldim.

Akram HAYDAROV.