Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Hisobot uchun yozilgan maqola olimning ilmiy salohiyatini ko‘rsatmaydi

SamDU dotsenti Abdulla Quvvatovning «OTM o‘qituvchisiga ilmiy maqolasiga qarab baho beriladimi?» sarlavhali maqolasi («Zarafshon» 2020 yil, 9 iyul, Zarnews.uz sayti)ga olimlardan hatto telefon orqali ham munosabat bo‘lavermagach, bu ishni o‘zim boshlab berishga jazm etdim.

Avvalo, ushbu masalani ijtimoiy emas, aniq fan mutaxassisi ko‘targanining o‘zi maqtovga molik. Zero, biz ilm-fandagi tartibsizlik va nomutanosiblik jamiyatga boshqa omillardan ko‘ra, tez va faol ta’sir ko‘rsatishini anglab yetdik. Eng yomoni, olim uchun ilmiy, ilmiy-ommabop maqola yozish majburiyati adolatsizlik barobarida korrupsion muhitning tegirmoniga suv quyib kelyapti.

U yoki bu tanlovda, attestatsiyada maqolalar sonini ko‘rsatish an’anaga aylandi. Mazmuni bilan esa hech kimning ishi yo‘q, bu narsa monitoring qilinmaydi.

Olimlikni da’vo qilgan yoshlar o‘z ilmiy maqolalarida, albatta rahbarning asarlaridan ishtiboh keltirishi yoki rahbarining familiyasini birinchi muallif sifatida qo‘yishi shart. Hatto gazetachilikda mualliflar ko‘payib ketibdi, degan maqsadda bir-ikki familiyani olib qo‘yganimizda shu maqolani yozgan inson familiyasi tushib qolgan holat ham bo‘lgan. Eng yomoni, bu an’ana yosh olimda fikr aytishdan ko‘ra, ilmiy rahbar ko‘nglini olish kayfiyatini oshiradi.

Yana bir toifa hammualiflar borki, ular ota-bola, qaynota-kelin, tog‘a-jiyan va hokazo. Boyaqish yosh olim bunday «an’ana»da material matnini tahririyatga yetkazuvchi vazifasini bajaradi, xolos. Gohida bundaylar o‘z maqolasini matbuotda bosilgandan keyin o‘qiydi. Oqsoqol olimlarga bu borada e’tiroz bildirganimda, mingta bahona bilan o‘zini oqlamoqchi bo‘lishadi.

Yo‘q, bu bilan ilmiy hamkorlikni yo‘qqa chiqarmoqchi emasman. Lekin u «qo‘llab-quvvatlash», «yordam berib yuborish» emas, haqiqiy fikr almashuvchi, hamkorlik bo‘lmog‘i lozim. Ilmiy rahbar shogirdining kichik maqolasini ko‘rib, tahrir qilgani uchun hammualliflik talab etmasa ham bo‘lar.

Kimgadir yoqmagan mayda-chuyda bo‘lib ko‘rinsa-da, A.Quvvatov aytgan nuqtai nazar ana shu holatdan ildiz otgan va bugun katta muammoga aylanib yetdi.

F.TOShEV.