Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

“Invest in Samarkand” I xalqaro investitsiya forumida 1,7 milliard AQSh dollarlik 234 ta kelishuv imzolandi

22-23 noyabr kunlari Samarqand shahrida “Invest in Samarkand” I xalqaro investitsion forum va viloyat mahalliy ishlab chiqaruvchilarining “Made in Samarkand” milliy ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.

Samarqand viloyati hokimligi tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbir viloyat iqtisodiy imkoniyatlari va to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya jalb etish salmog‘ini oshirish, Samarqandning investitsion jozibadorligi va eksport imkoniyatlarini kengaytirish, yangi ish o‘rinlarini yaratishga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.

Birinchi bor tashkil etilishiga qaramay, forum ishida 31 davlatdan 310 dan ortiq vakillar qatnashdi.

Forumning birinchi kunida investor va tadbirkorlar, tadbirkorlik sub’yektlari vakillari Samarqand viloyatidagi “Pure Milky”, “Agromir”, “SAG gilamlari”, “Afrosiyob jeans” kabi korxonalarga tashrif buyurib, viloyatda tadbirkorlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, investitsiya muhiti haqida ma’lumotga ega bo‘ldi.

Forumning ikkinchi kunida esa asosiy tadbirlar, ya’ni yalpi majlis va seksiya majlislari bo‘lib o‘tdi.

Yalpi majlisda Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov, O‘zbekiston Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzoqov, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisining birinchi o‘rinbosari I.Jasimov, xorijlik delegatsiyalar vakillari, Samarqand viloyatida faoliyat ko‘rsatayotgan investorlar so‘zga chiqdi.

Seksiya majlislarida viloyat eksport imkoniyatlarini oshirish, mintaqaning kapital jalb etishdagi imkoniyat va jozibadorligi, mintaqa iqtisodiyotida sayyohlik industriyasini shakllantirish, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, import o‘rnini to‘ldirish va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlashni rivojlantirish kabi masalalar muhokama etildi. Shuningdek, xorijiy sarmoyadorlar bilan “B2B”, “B2G”, “G2G” formatda muloqotlar va yangi investitsion loyihalar taqdimoti o‘tkazildi.

Forum doirasida O‘zbekistonning Ispaniya qirolligidagi elchixonasi hamkorligida Samarqand viloyati hokimi va Ispaniya qirollik klubi – Madridning “Real” jamoasi rahbari bilan Samarqandda ushbu klubning akademiyasini ochish bo‘yicha hamkorlik kelishuvi imzolandi.

Yirik xorijiy investorlar bilan Samarqand xalqaro aeroportini qurish va undan foydalanish, zamonaviy attraksionlar va keng formatli, “Aymeks” (IMAX) kinoteatrli istirohat bog‘i, avtobus texnika vositalari ishlab chiqarish, “IT istirohat bog‘i”, “Siti”, biznes markazlari, sayyohlik majmualari bo‘yicha va bir qator ijtimoiy-gumanitar loyihalar taqdimoti o‘tkazildi.

Forum yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan brifingda Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov “Invest in Samarkand” I xalqaro investitsiya forumida umumiy miqdori 1,7 milliard AQSh dollaridan ortiq 234 ta kelishuv bitimlari imzolanganini qayd etdi.

Jumladan, 1 milliard 543 million AQSh dollari miqdorda 53 ta investitsion bitimlar imzolandi. Shundan, mahalliy tadbirkorlar investitsiyalari qiymati 126,8 million AQSh dollari va to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar qiymati esa 1 milliard 416 million AQSh dollarini tashkil etdi.

Jumladan, Xitoy Xalq Respublikasining “Nanyang PuKang Yunlong Pharmaceutical co.ltd” korporatsiyasi va Kattaqo‘rg‘on shahridagi “PUKANG ZHIYAO” MChJ o‘rtasida farmatsevtika va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash bo‘yicha (“Makkajo‘xoridan dorivor yog‘ ishlab chiqarish” loyihasi, qiymati 70 million AQSh dollari) kelishuvga erishildi.

Xitoy Xalq Respublikasining “Huatong Cable inc” korxonasi va “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi o‘rtasida “Tekstil mahsulotlari ishlab chiqarish” bo‘yicha qiymati 30 million AQSh dollarlik loyiha imzolandi.

Janubiy Koreyaning “M.Pharm Corp” va Samarqand tumanidagi “Koreyskaya strana” korxonasi farmatsevtika sohasida qiymati 20 million AQSh dollari bo‘lgan loyihani birgalikda amalga oshiradigan bo‘ldi.

Shu bilan birga, forum davomida umumiy qiymati 181 million AQSh dollari miqdoridagi 61 ta eksport shartnomasi imzolandi. Masalan, Samarqand shahridagi “Zarafshon tekstil” korxonasi va Rossiya Federatsiyasining “Avgust” korxonasi o‘rtasida trikotaj va jinsi mahsulotlarini eksport qilish bo‘yicha 20 million dollarlik bitim tuzildi.

Toyloq tumanidagi “Bro Bins” korxonasi va Turkiyaning “Shark Yildizi” shirkati o‘rtasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilish bo‘yicha 5 million dollarlik shartnoma imzolandi.

Bulung‘ur tumanidagi “Samarqand Garden Plast” korxonasi esa Afg‘onistonning “Musin Amiri” korxonasi bilan 9 million dollarlik ana shunday kelishuvga erishdi.

Umuman, forum davomida sanoat yo‘nalishida umumiy qiymati 1 millirad 70,3 million AQSh dollari bo‘lgan 46 ta bitim, xizmat ko‘rsatish sohasida 464,8 million dollarlik 10 ta bitim, qishloq xo‘jaligi sohasida 189,1 million dollarlik 58 ta bitimlar imzolandi.

 – “Invest in Samarkand” I xalqaro investitsiya forumi va mahalliy ishlab chiqaruvchilarning ko‘rgazmasidan kutilgan natijalarga erishdik, deb aytishga to‘la asoslarimiz bor, – dedi E.Turdimov. – Shu bois kelgusida bu forumni an’anaviy o‘tkazishga qaror qildik. Kecha va bugun imzolangan bitimlarning qog‘ozda qolib ketmasligi, real hayotda o‘z aksini topishini ta’minlashni o‘z oldimizga maqsad qilib belgilab olganmiz. Buning uchun yo‘l xaritalarini tuzib, loyihalarning o‘z vaqtida amalga oshirilishi uchun zarur chora-tadbirlarni ko‘ramiz.