Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Mahalliy va xorijiy sarmoyadorlar Samarqand viloyati hokimiga 4 ta yirik investitsiya loyihalarini taqdim etdi

Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasida navbatdagi investitsiya kuni tadbiri o‘tkazildi. Bu galgi uchrashuvda mahalliy va xorijiy sarmoyadorlar viloyat hokimiga to‘rtta yirik investitsiya loyihasini taqdim etdi.

Jumladan, Samarqand tumanidagi “Mening bog‘im” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Jasur Hayitov Samarqand tumani hokimining 2019 yil 24 apreldagi qaroriga asosan jamiyatga ajratilgan 2 gektar yer maydonida issiqxona qurish uchun ruxsat berilishi, Bulung‘ur tumanidagi “Pyuri Diomon Silk” qo‘shma korxonasi rahbari Jahongir Qodirov Jomboy tumani xokimining 2018 yil 14 fevraldagi qaroriga asosan ajratilgan 12,7 gektar yer maydoni tuman hokimining 2018 yil 8 avgustdagi qaroriga asosan bekor qilinganligidan noroziligini bildirdi.

Samarqand tumanidagi “Multfrut-Koriya” xorijiy korxonasi rahbari Shuhrat Ahrorov 35 million dollar investitsiya jalb etib, Samarqand shahrida 4 yulduzli mehmonxona va dori-darmonlarni qadoqlash korxonasini tashkil etish uchun 1 gektar yer maydoni ajratish, gilos yetishtirish uchun Samarqand tumani lalmi maydonlaridan 200 gektar yer berish va 8 gektar maydonda logistika markazi tashkil qilish loyihalarini taqdim etdi.

Samarqand shahridagi “Samarqand-Universal-Bilding” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Shuhrat Jumayev Samarqand shahridagi 4 ta maktabgacha ta’lim muassasasida ta’mirlash, qayta qurish va qo‘shimcha bino qurish evaziga muassasalarga qarashli yerlardan 20 sotixdan yer maydoni ajratish va bu yerlarda zamonaviy mehmonxona va aholi uchun turar joylar qurishni rejalashtirgan. Buning uchun tadbirkor Birlashgan Arab amirliklaridagi hamkorlari tomonidan 1 million 250 ming dollar sarmoya kiritilishini ma’lum qildi.

Viloyat hokimi har bir loyiha bo‘yicha takliflarni eshitib, sarmoyadorlarning aniq rejalari bilan qiziqdi. Amalga oshirish imkoniyati kam bo‘lgan loyihalarni istiqbollilariga almashtirishni bildirdi.

O‘z muxbirimiz.