Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Murojaat qildim, baloga qoldim(mi?)

Joriy yilning 19 may kuni bo‘lib o‘tgan viloyat teleradiokompaniyasining "Ochiq muloqot" ko‘rsatuvida Narpay tumani hokimligi, sektor rahbarlari, korxona va tashkilotlar mutasaddilariga 43 nafar fuqarodan turli masalalarda 48 ta murojaat yo‘llangandi. Xo‘sh, o‘tgan vaqt davomida murojaatlarning qanchasi o‘rganildi va qay yo‘sinda yechim topildi? 

Muloqot davomidagi murojaatlar tahlil qilinganda fuqarolar o‘zlarini qiynayotgan 15 dan ortiq masala yuzasidan savollar yo‘llagan. Ularning eng ko‘pi ish masalasida (11 ta), yo‘llarni ta’mirlash (4), toza ichimlik suvi tarmog‘ini tortish (5), kadastr hujjatlari tayyorlash (3 ta) va boshqa masalalarda bo‘ldi. Ma’lumot uchun aytadigan bo‘lsak, yanvar oyidagi muloqotda murojaatlarning aksariyati bandlik masalasida (12 ta) bo‘lgandi va tuman mutasaddilari bu masalani ijobiy hal etishga va’da berishgandi. Ammo ko‘rinib turibdiki, va’da faqat ko‘rsatuv tugaguncha bo‘lgan.

Zirabuloq mahallasida yashovchi Obodjon Norqulov oliy ma’lumotli bo‘lsa-da, ish topolmayotganini aytib, yordam so‘rab murojaat qilgan.

- Toshkent moliya institutini bitirganman va bir necha yil moliya muassasasida ishladim, keyin xodimlarni qisqartirish tufayli ishdan bo‘shashimga to‘g‘ri keldi, - deydi O.Norqulov. - Shundan so‘ng bir necha bor tuman bandlikka ko‘maklashish markaziga murojaat qildim, ammo ish topolmadim. Shu tufayli "Ochiq muloqot" ko‘rsatuviga ish topishimda yordam berishlarini so‘rab murojaat qildim. Ular korxonalarda mavjud bo‘sh ish o‘rinlarini o‘rganib chiqib, tumandagi "Kometa galileo" xususiy korxonasiga xodim sifatida ishga joylashishimga ko‘maklashdi.

Oqtosh mahallasida ko‘p yildirki aholi toza ichimlik suvi yo‘qligidan aziyat chekadi. Mansur Rahimov shu masalada yordam so‘rab murojaat qilgan.

- Yillar davomida ko‘p joylarga murojaat qildik, ammo har safar mahallaga ichimlik suv tarmog‘i tortishni keyingi yil dasturga kiritamiz, degan javobni olamiz, keyingi yil esa yana o‘sha bahona, - deydi M.Rahmonov. - Hozir aholi iste’mol qilayotgan suv ichishga yaroqsiz. Lekin hokimlik mutasaddilari turli va’dalar bilan tushuntirish xati yozdirib olishdi va masala hal etildi qabilida hisobot berishgan. Aslida tuman rahbarlari murojaatni yopishni emas, aholining salomatligini asrash, toza ichimlik suvi keltirish, yo‘llarni ta’mirlashni, fuqarolarga qulaylik yaratishni o‘ylashi kerak emasmi?

Ushbu murojaatning maqsadidan ham ko‘rinib turibdiki, mahallaga toza ichimlik suvi keltirishda yordam so‘ralgan, ammo tuman hokimligi yillar davomida hal etilmagan masalani ikki oyda qanday ijobiy hal etib, qanoatlantirildi, qabilida hisobot topshirgan?

Tuman markazida yashovchi Farhod Abdurahmonov Tortuvli-Oqtosh yo‘lining yomonligi aholiga qiyinchilik tug‘dirayotganini bildirgan. F.Abdurahmonovning aytishicha, mas’ul xodimlar kelib bu yo‘l 2020 yilgi dasturga kiritilgani va keyingi yil ta’mirlashni va’da qilib, tushuntirish xatlari olib ketishgan. Bu va’da ham qog‘ozda qolib ketmasa bo‘lgani.

Narpay tuman hokimligiga yo‘llangan murojaatlarning qanoatlantirilganini o‘rganar ekanmiz, ularning aksariyati "Keyingi yil dasturiga kiritildi", "Jamoatchilik asosida ishga olindi", "Tushuntirish berildi" mazmunidagi javoblardan iboratligini ko‘rdik. Bu harakat bilan mutasaddilar aholi muammolariga yechim topish, ularni qiynayotgan masalalarni imkon qadar bartaraf etishga emas, aksincha fuqarodan rozilik xati olish va murojaatni yopishga e’tibor qaratgan. Aslida murojaatlarning har biri tuman hokimligi uchun tuman oldida turgan muammolarni ko‘rsatib beruvchi ko‘zgu, kelgusi rejalari uchun dastur bo‘lishi kerak emasmi?

O‘ktam XUDOYBERDIYeV,

"Zarafshon" muxbiri.