Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

“Oqqo‘yunli muxlislar devoni” – Navoiyning yangi devonimi?

Samarqand davlat universitetida buyuk mutafakkir, g‘azal mulkining sultoni tavalludining 579 yilligi munosabati bilan “Alisher Navoiy she’riyatining o‘z davridagi sharqona e’tirofi” mavzusida tadbir o‘tkazildi.

Tadbirda “Sharq” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan chop etilayotgan “Oqqo‘yunli muxlislar devoni” kitobi haqida batafsil ma’lumot berildi.

– 2012 yilda filologiya fanlari doktori, professor Aftondil Erkinov xorijda Navoiyning yangi devonini topdi, – deydi Samarqand davlat universiteti mustaqil tadqiqotchisi Rustam Jabborov. – Mazkur  devonning qo‘lyozma nusxasi 1471 yilda Oqqo‘yunlilar saltanatida (1378–1502) ko‘chirilgan bo‘lib, hozirda Misrdagi Qohira milliy kutubxonasida saqlanadi. Oqqo‘yunlilar sulolasi Turkiyaning sharqiy qismi, Armaniston, Ozarbayjon, shimoliy Iroq va Eron hududlarida hukmronlik qilgan hamda temuriylar bilan yaqin munosabatda bo‘lgan. Bu devonga Oqqo‘yunlilar saltanati hududidagi Navoiy she’riyati muxlislari tomonidan tartib berilgan va ko‘chirilganligi sababli shartli ravishda “Oqqo‘yunli muxlislar devoni” deb ataldi.

 

Ushbu devon Navoiy she’riyati ixlosmandlari tomonidan 1465-1466 yillarda tuzilgan “Ilk devon”dan keyingi muxlislar devoni sifatida navoiyshunoslik uchun ahamiyatli bo‘lib, Oqqo‘yunlilar saltanatining markaziy shaharlaridan bo‘lgan Sherozda ko‘chirilgan, deb taxmin qilinadi.

“Oqqo‘yunli muxlislar devoni”ga Navoiyning 30 yoshgacha yozgan she’rlari kiritilgan va ular tili Oqqo‘yunlilar saltanatida yoyilgan o‘g‘uz turkchasiga biroz moslashtirilgan. Qo‘lyozmani Oqqo‘yunlilar saroyi mashhur xattoti, Anisiy taxallusi bilan she’rlar yozgan Abdurahim Xorazmiy ko‘chirgan.

Tadbirda kitobni nashrga tayyorlagan filologiya fanlari doktori Aftondil Erkinov, mas’ul muharrir bo‘lgan filologiya fanlari doktori, professor Muslihiddin Muhiddinov, tadqiqotchi Rustam Jabborov devonning o‘ziga xos xususiyatlari haqida ma’lumot berdi.

E’tiborli jihati, mazkur tadbir O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi viloyat kengashi bilan hamkorlikda tashkil etildi va unda navoiyshunos olimlar, universitet o‘qituvchi va talabalari bilan birga Milliy gvardiya xizmatchilari ham ishtirok etdi.