Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Orenburgdagi shifoxonaga hushsiz holatda olib kelingan o‘zbekistonlik vafot etdi

Mamlakatimizning Qozon shahridagi (Rossiya) Bosh konsulxonasi O‘zbekiston fuqarosi J.R.ning 16 oktyabr kuni hushsiz holatda topilgani to‘g‘risida OAVda tarqalgan xabarni tasdiqladi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar berdi.
Hamyurtimiz Sol-Iletsk shahri markaziy shifoxonasiga joylashtirilgan edi. 21 oktyabr kuni yurtdoshimiz ushbu tibbiyot muassasasida vafot etdi.

Bosh konsulxona vaziyatni nazoratga oldi. Ushbu holat yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Marhumning yaqinlariga konsullik-huquqiy va tashkiliy masalalarni hal qilishda yordam ko‘rsatildi.
25 oktyabr kuni hamyurtimizning jasadi O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan vatanga yuborildi.

Konsullik-huquqiy departamenti marhumning oila a’zolari va yaqinlariga ta’ziya bildiradi va Rossiyaning Volgabo‘yi federal okrugi (Boshqirdiston, Mariy El, Mordoviya, Tatariston, Udmurtiya, Chuvashiya Respublikalari, Nijegorod, Orenburg, Penza, Samara, Saratov, Ulyanov viloyatlari, Perm o‘lkasi) hududidagi hamyurtlarimiz zarur vaziyatlarda mamlakatimizning Qozon shahridagi Bosh konsulxonasiga +7-843-526-55-64, +7-843-526-55-65 telefonlari orqali murojaat qilishlari mumkinligini eslatib o‘tadi.